Janubiy Koreya Texnoparklar assosiasiyasi raisi Namanganga keldi. Unga Yonnam universitetida dars berayotgan namanganlik professor hamrohlik qildi
Delegasiyani viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabul qildi. Muloqotda texnoparklar tashkil qilish, oliy ta’lim muassasalari hamkorligini yo‘lga qo‘yish, foydali qazilmalar razvedkasi kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Qayd etish joizki, delegasiya tarkibiga Janubiy Koreyadagi Yonnam universiteti professori, 34 yoshli Alisher Dedaxanov ham kirgandi. Asli namanganlik bo‘lgan olim ikki davlat vakillari o‘rtasida samimiy muloqot o‘rnatilishida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajardi.
— Janubiy Koreyada iqtisodiyotida texnoparklar katta o‘rin tutadi. Bizning assosiasiya tarkibiga kiruvchi 18 ta texnoparkdagi korxonalar tomonidan 1 milliard dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarilganining o‘zi ham ko‘p narsani anglasa kerak. Namanganda texnoparklar tizimini yo‘lga qo‘yish, bunga bel bog‘lagan mutasaddilarga tajribamizni o‘rgatishga tayyor ekanligimizni bildirmoqchiman, — dedi Jexun Li.
Mehmonlar Namangan shahridagi «Do‘stlik uyi»da joylashgan koreys milliy madaniy markazida koreys xalqi tarixi va madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Namangan shahar davlat xizmatlari markazida tashkil etilgan uchrashuvda texnoparklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga oid Janubiy Koreya tajribasi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekona mehmonnavozlik chog‘ida «Chortoq» mineral suvi mehmonlar diqqatini tortdi. Ularga mazkur suvning ta’mi, bejirim dizayni ma’qul keldi. Jexun Lining aytishicha, u Janubiy Koreyaga dunyoning turli davlatlaridan keltirilayotgan ko‘plab shunga o‘xshash ichimlik suvlaridan ancha ustun turadi. Shu bois «Chortoq» mineral suvini bu mamlakatga eksportini yo‘lga qo‘yish borasida so‘z bordi.
Foto: Hamdam Mamadaliyev
Shuningdek, tashrif doirasida delegasiya a’zolari Kosonsoy tumanidagi texnopark qurilishi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida biznes-rejalar va loyihalar bilan tanishdi, Janubiy Koreya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagidagi tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘ldi.
Manba: daryo.uz