Isroil Eronning yadroviy inshootlariga zarba bermaydi
Isroil Eronga javob zarbasi berishda yadroviy yoki neft ob’ektlarini emas, balki harbiy ob’ektlarni nishonga oladi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh prezidenti Jo Baydenga ma’lum qildi.
Ikki yetakchi o‘rtasida 9 oktyabr kuni telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan. Isroilning faqat Eron harbiy ob’ektlariga hujum qilish rejasi Vashingtonda “engillik” bilan kutib olingan.
Tahlilchilar xavotiriga ko‘ra, Eron neft ob’ektlariga hujum dunyoda energiya narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi, yadroviy ob’ektlarga zarba esa vaziyatni yanada keskinlashtirib, AQShni mojaroga tortishi mumkin edi. Bayden ilgari Isroilni “boshqa variantlarni o‘ylash”ga chaqirgandi.
Netanyaxuning “bir muncha vazminroq pozisiyasiga” AQSh ularga THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimini yuborish to‘g‘risidagi qarori ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Pentagon 13 oktyabr kuni Isroilda THAAD batareyasi joylashtirilishi haqida ma’lum qildi. Isroilning Eronga hujumi 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh prezidentlik saylovlarigacha amalga oshirilishi mumkin.
Agar Isroil o‘z hududining keng miqyosli o‘qqa tutilishiga javob bermasa, Tehronda buni “zaiflik belgisi” sifatida talqin qilishlari mumkin, deb yozadi The Washington Post.
Bundan tashqari, AQSh bilan maslahatlashuvlar davomida Isroil Livandagi harbiy operasiyalarini “yaqin haftalar ichida” to‘xtatishini aytgan.