Islom Karimov o‘z buyrug‘ini bajarmaganlarni ham kechira olgan

A A A
Islom Karimov o‘z buyrug‘ini bajarmaganlarni ham kechira olgan

«Safarga chiqsang, oqilu dono bilan chiq», deb bejizga aytishmagan ekan. Mamlakatimiz janubida joylashgan Surxon sarhadlariga borishni, ayniqsa, Uzun va Sariosiyo tumanlarini ko‘zdan kechirishni anchadan buyon rejalashtirayotgan edim.

Agar yodingizda bo‘lsa, 2000 yillarda bu ikki hududga ekstremistlar to‘dasi bostirib kirishgan va egallab olgan qishloqlarda o‘z bazalarini tashkil qilib, mamlakat ichkarisiga yurish qilishga qattiq tayyorgarlik ko‘rishgan.

Bir necha oylar ayovsiz jang kechgan maydonlarni borib ko‘rish orzusi har qanday jurnalist va yozuvchining xayolidan ketmagani kabi menga ham tinchlik bermasdi. Shu niyatda yo‘lga otlandik. Hamrohim — iste’fodagi general-mayor O‘tkir Komilov.

General o‘sha vaqtlarda jangarilar bilan kurashda ishtirok etgan, Sariosiyo va Uzun tumanlarini piyoda kezib chiqqan, bosqinchilar bilan yuzma-yuz kelgan komandirlardan biri edi.

Bundan tashqari, O‘tkir aka O‘zbekiston tarixining kechagi va bugungi kunini yaxshi biladigan huquqshunos, yuqori mansablarda ishlagani bois, jiddiy va salobatli ko‘rinishiga qaramay, hazil-mutoyibani o‘rniga qo‘yadigan dilkash suhbatdosh.

Darhaqiqat, maroqli gurung bilan Surxondaryoga yetib kelganimizni sezmay qolgandik. Bir payt:

– Yuring, sizga muhim bir ob’ektni ko‘rsataman, – deb qoldilar O‘tkir aka Amudaryo sohillariga ishora qilib.

Bu kutilmagan taklif meni qiziqtirib qo‘ydi. Rejamizda yo‘q bo‘lsa-da, bajonidil rozi bo‘ldim. Mashinamiz uzoqdan ko‘zga tashlana boshlagan kattagina ko‘prik tomon yaqinlashib kelardi. Atrofda boshqa strategik jihatdan muhim sanaladigan inshoot yo‘q. O‘zbekiston va Afg‘onistonning birlashtirib turuvchi bu mahobatli qurilma nafaqat transport yo‘li, balki ikki mamlakatning do‘stlik rishtalarini bog‘lovchi ko‘prik ekanligini bilardim. «Shumikan?» deb o‘yladim ichimda. Hamrohim esa Amudaryo ustiga qurilgan inshootdan ko‘z uzmas edi. Nega bunchalar tikilib qolganiga hayron bo‘ldim. Xayolini bo‘lgim kelmadi. O‘zlari gap ochishini kutdim, biroq sukut anchagacha cho‘ziladiganga o‘xshadi, nazarimda.

Jurnalistlarda sabr bo‘larmidi? Ortiq jim turolmadim. O‘yga tolganining boisini so‘radim.

– Bu ko‘prik hozir shu turgan joyida bo‘lmasligi ham mumkin edi, – deya javob qaytardi O‘tkir aka.
– Nega? – battar taajjublanib so‘rayman general-mayordan.
– Ha, mustaqillikdan keyin bu ulkan inshootni portlatib yuborishimizga bir bahya qolgan.
– Eshitmagan ekanman, – ochig‘ini tan oldim.
– Nafaqat siz, balki juda ko‘pchilik bilmaydi buning tarixini.
– Balki gapirib berarsiz.
– Keling yaxshisi, bunday qilamiz. Men sizni xuddi mana shu ko‘prikni saqlab qolgan inson bilan tanishtiraman. Bu tarixiy hodisani jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, ko‘prikni portlamagan jasoratli shaxsning o‘z og‘zidan eshitishga nima deysiz?
– Juda yaxshi bo‘lardi-da.
– Unda shunday qilamiz. Safardan Toshkentga qaytgach, keksayib qolsa-da, hamon bir yigitning kuch-qudrati bor, hamon yeng shimarib mamlakat istiqboli uchun mehnat qilayotgan qahramon bilan uchrashtirib qo‘yaman.

Shundan keyin biz yo‘lga tushdik. Xayolimda ming bir o‘y: kim bo‘lishi mumkin bu noma’lum inson? O‘tkir aka nega darhol aytib qo‘ya qolmadi ekan? «Keksayib» degan so‘zini dilimga tugib, yoshi ulug‘, ammo hali-hamon vatan kelajagi uchun jon kuydirib ishlayotgan qariyalarni birma-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tkazaman. Biroq qani endi, bir to‘xtamga kelolsam.

Hamrohimga savol nazari bilan boqishlarim, vaqt o‘tkazib asta so‘rashlarim ish bermadi. Qanchalar xayolga berilmay, bir necha kishining ism-sharifini aytmay, O‘tkir aka nazarda tutgan insonning nomini topa olmadim.

Shundagina mamlakatimizning kechagi tarixi, unda yuz yurgan ko‘plab hodisalardan, ayniqsa, siyosiy voqealardan bexabar ekanligimni anglab, o‘zimdan uyalib ketdim. Shuning uchun Surxondaryo safari to‘g‘risida emas (buni mavridi kelganda hikoya qilib berarman), poytaxtga qaytgach, safardoshim uchrashtirgan inson bilan bo‘lib o‘tgan suhbatga, u kishidan eshitganlarimga to‘xtalmoqchiman.

Uncha katta bo‘lmagan, bejirim yasatilgan, sokin xonaga kirgandayoq o‘rta bo‘yli, qotmadan kelgan insonga ko‘zim tushdi.

«Axir bu kishi Ismoil Jo‘rabekov-ku!» — dedim beixtiyor ichimda.

1990 yillarda davlat agrosanoatini boshqargan, 1994-1998 yillarda Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan, 2000-2004 yillarda esa O‘zbekiston Prezidentining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni favqulodda tez va vijdonan bajargani bois ayrim rahbarlarning nazarida «o‘zbek tanki» degan nom olgan insonni kim ham tanimaydi bu yurtda?!

Kutilmagan uchrashuv meni biroz shoshiltirib qo‘ygan bo‘lsa-da, ortiqcha hayajonga hojat yo‘q edi. Negaki, o‘rnidan turib kelgan Ismoil Hakimovich bizni samimiy kutib oldi. Yozuvchi ekanimni, birinchi Prezident haqida uch-to‘rtta kitob yozganimni eshitib, zimdan qarab qo‘ydi. So‘ng O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lab turuvchi ko‘prik haqida maqola yozish niyatim borligini bilib, biroz sukutga toldi.

– Bu voqeani aslo unutmayman. Chunki men uchun eng dahshatli va ayni paytda eng quvonchli xotiraga aylangan, – deb suhbatga kirishdi Ismoil Hakimovich. U kishining salmoq bilan, dona-dona qilib so‘zlashlarida ichki bir xotirjamlik, bosiqlik sezilsa-da, yuragining tub-tubida qayta jonlangan — menga hozircha noma’lum bo‘lgan hissiyot asta bosh ko‘targani suhbatdoshimning o‘tkir nigohlari-yu bug‘doyrang yuzidan ohista sezila boshlagan edi. – Dahshatli deyishimning boisi, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti marhum Islom Karimovning buyrug‘ini bajarmaganim edi.

Bu gapni eshitib, hayrat bilan Ismoil Hakimovichga tikilaman. Axir Prezidentning topshirig‘ini ado etmaganlarning taqdiri nima bilan tugaganini eshitganman, ko‘rganman-da.

«Qanday qilib jur’at qildi ekan?», «Nima sababdan bajarmadi ekan?» Xayolimda savollar ko‘p edi. Ammo ham g‘amgin, ham zavq bilan so‘zini davom ettirishga shaylanayotgan insonning gapini bo‘lgim kelmadi. Voqeaning davomini eshitish ham maroqli, ham hayajonli edi.

— Xotiram pand bermagan bo‘lsa, o‘sha kuni ertalab edi. Islom Karimov huzuriga chaqirib, Amudaryo ustiga qurilgan ko‘prik ustida bo‘layotgan ayanchli vaziyatni qisqacha tushuntirdi-da, maxsus tuzilgan komissiyaga rahbar etib tayinlanganimni, hoziroq voqea yuz bergan joyga yetib borib, ko‘prikni egallab olgan afg‘onistonliklardan tozalashimni va uni darhol portlatib yuborishimni qattiq tayinladilar.

Bu payt men O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlar edim. Rostini aytsam, o‘sha paytda ko‘prik ustidagi vaziyat haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lmagan holatimda bunday muhim topshiriqni menga ishonib topshirgani uchun xursand bo‘ldim. Axir ne-ne generallar, vazirlar va boshqa yuqori lavozimli shaxslar bor edi-da.

Komissiyaga kimlar kiritilganini bilgach, «bajaraman!» deya yo‘lga tushdim. Ko‘prik to‘g‘risida ancha ma’lumotga ega edim. U sobiq Sovet ittifoqining O‘rta Osiyodagi eng katta va qurilishi salkam to‘rt yil davom etgan ulkan inshootlardan biri edi. 1970 yillarda qurilishi boshlagan bo‘lsa, 1974 yilga kelib foydalanishga topshirilgan.

Mazkur ko‘prik orqali nafaqat qo‘shni respublikalarning, balki butun Yevropa mamlakatlarining Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatiladigan insonparvarlik yordamlari: oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechaklar ortilgan transport vositalari o‘ta boshlagan edi.

Shuning uchun ham strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muhim ob’ekt sanalardi. Bizning askarlar tomonidan jiddiy qo‘riqlanardi. Boisi afg‘on yurtida fuqarolik urushlari to‘xtamagan, har-xil guruhlar, to‘dalar paydo bo‘lib, hokimiyat uchun kurash olib borar, buning oqibatida oddiy odamlar jabr-sitam ko‘rardi.

Xalqning tinchini buzgan, uy-joyini, mol-mulkini xonavayron qilgan, hatto tinch aholining o‘limiga sabab bo‘lgan jangarilarning ayovsiz xatti-harakatidan afg‘on xalqi bezib qolgan, ular ayni paytda qo‘shni respublikalarning aholisini ham tashvishga solib qo‘ygandi.

Bundan, avvalo, O‘zbekiston xavotirda edi. Ishga tushirilgan yangi ko‘prik o‘zbek va afg‘on xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirishi bilan birga, ancha tashvishga ham solgandi.

Ma’lumki, dunyo bo‘yicha yetishtirilayotgan giyohvand moddalarning eng ko‘p qismi Afg‘onistonda o‘stirilar va o‘nlab maxfiy yo‘llar orqali turli davlatlarga tarqatilardi.

Bu baloning yo‘lini to‘sishga hali jiddiy kirishilmagan edi. Buning ustiga, mustaqillikka erishganiga bor-yo‘g‘i olti-etti yil bo‘lgan mamlakatlarning chegaralari hali uncha mustahkam emas, mudofaa ishlariga endi-endi kirishilayotgan edi.

Birinchi xavf jangarilar bo‘lsa, ikkinchi xatar og‘u edi. Prezidentning tashvishini to‘g‘ri anglaganday bo‘ldim, ammo voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelganimda, vaziyat men o‘ylagandan ko‘ra ming chandon og‘irroq ekan.

Ko‘prik usti afg‘onistonlik xotin-xalajlar, erkaklar, chol-kampirlar, bola-chaqalar bilan batamom to‘la edi. Ko‘prik ortida ham tumonat odam. Chamamda ularning soni uch-to‘rt ming atrofida edi.

Hammalari baqirgan-chaqirgan, talablari bitta: “Chegarani ochinglar! Bizlarni O‘zbekistonga o‘tkazinglar! O‘zbek yerida tinch-osuda yashashimizga imkon beringlar! Adosiz urush, beqiyos xavfu xatar tinka-madorimizni quritdi. Bizni o‘tkazinglar, oilamizni, norasida farzandlarimizni saqlab qolaylik!”

Suhbatdoshim og‘ir tin oldi. Tomog‘i qaqrab ketdi chog‘i piyolani qo‘liga oldi. Sovib qolgan choydan bir ho‘plab, yurak taftini bosgach, hikoyasini davom ettirdi.

– Odamlarning qiy-chuvi, alamli nolasi, go‘daklarning chinqirab yig‘lashlari, onalarning faryodlaridan ularning tilak-istaklarini anglash qiyin emasdi.

Bu haqiqatan ham ayanchli manzara edi. Ular najot istab, biz tomon intilishardi. Rahmimiz keldi. Beixtiyor yordam qo‘lini cho‘zib, boshiga tushgan musibatga malham bo‘lish ko‘nglimizdan o‘tdi. Biroq… buyruq boshqa edi. Ko‘prikni, odamlarni tozalash va portlatish! Juda qiyin ahvolga tushib qoldim. Nima qilish kerak? Yurtiga qaytishni istamayotgan odamlar bilan qay yo‘sinda gaplashish lozim? Prezident buyrug‘ini odamlarga aytsam, ular qanday ahvolga tusharkin?

Umuman, bu topshiriqni oshkor qilish mumkinmi? Ammo vaziyatni yumshatish, tobora junbishga kelayotgan xaloyiqni tinchlantirish kerak edi. Oqsoqollarning gapidan bildimki, ko‘prik ortida boshqa kuchlar turibdi. Ular odamlarni ta’qib qilib, shu yergacha ham yetib kelishgan. Jangarilarning qo‘lida jon taslim qilguncha, tinch va osuda o‘zbek yerida kapa tutib, bir burda non yeb, bir ho‘plam suv ichib hayot kechirishga rozi.

Bu paytga kelib oradan bir soatcha vaqt o‘tgan edi. Nogoh Prezidentning qo‘ng‘irog‘i xayolimni bo‘ldi.

— Ko‘prik odamlardan xoli bo‘ldimi? Portlatdingmi? — Qattiq qayg‘uga botgan rahbarning so‘zlari o‘ylarimni butunlay alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi.

Muzokara olib boryapmiz. Ammo… odamlar…

— Hech narsani eshitishni istamayman! Portlatasan, tamom-vassalom!

Go‘shakni taraqlab qo‘yilgani yuragimni larzaga soldi. Komissiya a’zolariga yuzlandim. Ba’zilar buyruqni bajarish kerakligini aytishdi. Buning oqibati yomonlik bilan tugashi mumkinligini qayta-qayta ta’kidlaganlar ham bo‘ldi.

Ayrimlar ko‘prikni saqlab qolish haqidagi taklifimni qo‘llab-quvvatlashdi. Butun mas’uliyat mening zimmamda edi. Yana birozdan keyin Prezident qo‘ng‘iroq qilishi aniq. Agar tayinli javob qilmasam, komissiya raisligidan chetlatishi, topshiriqni esa ko‘prikni portlatish tarafdori bo‘lgan generallardan biriga yuklatishi mumkin. Tezroq bir qarorga kelishim kerak. Bu yerda esa xaloyiq jazavaga tusha boshlagan edi. Ular «Axir bizlar qochoqlarmiz! O‘z yurtida jabr ko‘rgan oddiy odamlarmiz! Butun dunyoda qochoqlarni qabul qilishadi-ku, nega yon qo‘shnimiz bo‘lgan O‘zbekiston bizga to‘sqinlik qiladi?» — deb g‘alayon ko‘tarishardi.

Yupun kiyingan, och-nahor odamlarning holatiga qarashga arang kuch topaman o‘zimda. Aslida ular haq edi. Yordam bermasak, bizlarni nadomat qilishlari aniq. Biroq… Hozirgina Prezident ta’kidlaganday, odamlar orasida jangarilar yashirinib olgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Agarda shunday bo‘lsa… bosqinchilar o‘zbek xalqining ham tinchini buzishi mumkin. Unda xoin sifatida qamalishim tayin.

Shunda xayolimga ularning kattasi bilan gaplashish kerak degan fikr keldi. Qayerdan jasorat paydo bo‘ldi bilmadim, ammo tavakkal qildim. Bu harakatimdan qaytarganlar ham bo‘ldi, lekin maqsadimdan qaytmadim. Harbiy bo‘lmasam-da, o‘zimni komandirlarcha tutishga harakat qildim. Yarim soat ichida ko‘prikdan yetti kilometr nari ketishmasa, handaqdagi to‘p va minomyotlarda o‘qqa tutib, qirib tashlashimizni aytdim. Shunday vakolatga ega ekanligimni tushuntirdim. Kimdir mening jussamga qarab tirjayib qo‘ydi. Kimdir Napoleonga o‘xshatib, jiddiy tortdi.

Negaki gaplarim keskin, qarashlarim jiddiy edi. Javob qilishlarini kutmay ortga qaytdim. Men bilan borgan soqchilar o‘zimni munosib tutganimni aytishdi. Darhaqiqat, jangarilarning tund qiyofasidan fikrlarini uqish qiyin bo‘lsa-da, meni diqqat bilan tinglashgan va bir-birlariga qarab qo‘yishgan edi. Bu esa ularning sarosimaga tushib qolganliklaridan dalolat edi.

Suhbat shu yerga kelganda Ismoil Hakimovich miyig‘ida jilmayib qo‘ydi. Sezdimki, jangarilar to‘dasining oldiga qo‘rqmay borgani, ularga dag‘dag‘a qilishdek vazifani uddalay olganidan qoniqish hissini qayta tuydi.

Ko‘prikdan o‘tishim bilan yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
– Nima qilding? Portlatdingmi yo‘qmi?
– Muzokaramiz…
– Men seni muzokara olib borishga emas, yurtimizga bo‘ladigan xavfni bartaraf qilishga yubordim.
– O‘rtoq Prezident…
– Gapimni bo‘lma! Agar yarim soatdan keyin ko‘prik portlamasa, bilib qo‘y, qamalasan!
– Vaziyatni yumshataman…
– Mamlakat taqdiri uchun men javobgarman. Bir to‘da odamlarni deb, butun xalqimning hayotini tahlikaga qo‘ya olmayman. Sen buni tushunasanmi, o‘zi?

Nima deyishimni bilmay qoldim. Ammo bu paytda jangarilar asta ortiga chekina boshlagan edi. Komissiya a’zolaridan ayrimlari buni vaqtinchalik taktika, mabodo odamlarni o‘tkaza boshlasak yoki ularni ortiga qaytarsak, bir zumda yetib kelishadi-da, bizga hujum qilib ko‘prikni egallab olishadi, deb vahima qilishdi.

Ikki o‘t orasida qolgandim. Prezident bilan hazillashib bo‘lmasligini yaxshi tushunardim. Islom Karimov gapini ikki qilganlarni kechirmas edi. Buyruqni bajarmasam, qamalishim aniq yoki o‘zi ta’kidlaganday, xoin sifatida otib tashlashi mumkin.

Mamlakat rahbarida shunday huquq bor deb bilardim. Biroq ko‘prikni saqlab qolish fikri hayotimga xavf solishi mumkin bo‘lgan qo‘rqinchdan ustun kela boshladi. Axir bu ulkan inshootning qurilishiga respublikamizning chakana mablag‘i sarflanganmi? Bir necha yillar davomida bitkazilgani-chi?

Eng muhimi esa bu ko‘prikdan piyodalar, mashinalar, poyezdlar o‘tadi. Shunday muhim ob’ektning kulini ko‘kka sovurish kechirilmas xato bo‘lmaydimi?!

Jangarilar aytilgan masofaga chekingach, qochoqlarning xavotiri ancha pasaydi. Yana tushuntirishga to‘g‘ri keldi: biz joy berishga tayyorligimizni, oziq-ovqat bilan ta’minlashimiz mumkinligini, ammo o‘z yurtlaringda qolish, eng yaxshi qaror ekanligini qayta-qayta ta’kidladik.

Shundan so‘nggina afg‘onlar noiloj ortilariga qaytdilar. Biz darhol ko‘prikning uchta joyida: narigi boshiga, o‘rtasiga va o‘zimiz tomonga qush ham uchib o‘tolmaydigan to‘siq o‘rnatdik. Vaziyatni kimdir Prezidentga yetkazdi shekilli, yana malomatga qoldim.

Vaziyat yumshaganini, afg‘onlar o‘z vataniga qaytganlarini eshitishni ham istamadi. Darhol huzuriga yetib borishimni talab qildi. Ko‘prikni saqlab qolgan bo‘lsam-da, ichimga g‘ulg‘ula tushdi.

«Tamom», — deb o‘yladim ming bir hayolda poytaxtga qaytarkanman. Tribunalga topshirsa kerak. Yoki milliy xavfsizlik xodimlariga buyursa, to‘g‘ri yerto‘laga tashlashadi.

Harbiy samolyotda qanday qilib Toshkentga yetib kelganimni bilmay ham qoldim. Vaqt juda tez o‘tib ketganga o‘xshardi. Aeroportda to‘rtta qora «Volga»ni ko‘rib, o‘ylarim to‘g‘ri ekanligiga, qamoqqa olib ketishlariga amin bo‘ldim.

Oilam bilan xayrlashish nasib etmadi. Mashinadagilar indamas, meni jimgina kuzatib borishardi. Borgan sari yuragim battar siqilib, qamoqqa degan fikr tobora oydinlashgandek edi. «Hech bo‘lmasa, javobimni eshitarmikan?» deya g‘amga botaman yo‘l-yo‘lakay. Biroq, ko‘prikni saqlab qoldim, do‘stlik rishtalari uzilishiga imkon bermadim. Bu bilan O‘zbekiston obro‘-e’tiborini butun dunyo oldida saqlab qoldim-ku, degan fikr menga taskin bersa-da, qamalishim oilam sha’niga yaxshi emas-da, deb yana qayg‘uga botdim.

Yo‘l chetida xotirjam yurib borayotgan odamlarga tikilaman, kampirini yetaklab olgan qariyaning viqor bilan qadam tashlashlari havasimni keltiradi, nabirasini qo‘lidan tutgan oqsoqol qalbimni titratadi.

«Menga ham nasib qilarmikin, bunday baxt?» degan orzu ich-etimni tirnay boshladi. Bu orada mashina men o‘ylagan sovuq va dahshatli manzil emas, Prezident qarorgohi sari yo‘nalish oldi. Ko‘nglim baribir taskin topmadi: qamashdan oldin aybimni bo‘ynimga qo‘ysa kerak! Barchaning oldiga «Vatan xoini» deb atasa kerak!

Prezident qabulxonasiga kirarkanman, jangarilarning dala komandiri bilan muzokarada paydo bo‘lgan jasoratdan asar ham qolmaganday tuyuldi. Uning qarshisida har qanday odam ham sarosimaga tushib qolardi. Uning nigohlariga qarashga uncha-muncha odam botinolmas edi.

Islom Karimovda rahbarga xos salobat, iqtidor, siyosiy kuch-qudrat bor edi. Biz uni doim jiddiy ko‘rganimiz bois, yaqinlashishga hayiqardik. Lekin haligilarni ortga chekintirishga majbur qilgan jasoratimdan hali cho‘g‘ qolgan ekan, o‘zimni munosib tutib, ichkariga dadil kirib bordim.

Qovog‘idan qor yog‘ayotgan Prezidentning vajohatini ko‘rib, nima deyishni bilmay qoldim, u salomimga alik ham olmagandi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘limdagi chizmalarni stol ustiga yozib, ko‘prik odamlardan butunlay tozalanganini, uning uchta joyiga mustahkam to‘siq o‘rnatganimizni, endi u yerda hech kimsa o‘ta olmasligini tushuntirdim. Agar portlatib yuborganimizda endigina mustaqillikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston uchun juda xunuk ish bo‘lishini, xalqaro miqyosda obro‘si tushib ketishini, qochoqlarga yordam berish, ularni so‘zsiz qabul qilish o‘rniga jabrdiydalardan qutilish uchun xiyonatkorona yo‘l tutganimizni butun olamga ovoza qilishlari aniq ekanini ta’kidlashga o‘zimda kuch topa oldim.

Bunday isnodni ko‘tarish og‘ir bo‘lishi, birinchi navbatda musulmon davlatlar bizdan yuz o‘girishini, bunday tutgan pozisiyamizni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham oqlamasligi aytganimcha qora terga botdim. Ammo ichimdagini to‘kib soldim. Qamalishdan yoki otilishdan avval hammasini aytib olgim keldi. Hamjamiyat oldidagi burchimiz, obro‘-e’tiborimiz haqidagi nidolarim Prezidentga biroz ta’sir qildi chog‘i, yuzidagi qahr-g‘azab ifodasi so‘nib, yonoqlariga sal qon yugura boshladi.

Buni ko‘rib, yengil tortdim. Lekin oyoqlarimda mador qolmagan edi, beixtiyor stulga o‘tirib qoldim. Islom Karimov xona bo‘ylab yurarkan, hamon indamas, jahlidan tushgan ko‘rinsa-da, qovoqlari butunlay ochilmagan, peshonasidagi ajinlar saqlanib turardi.

Ortimga o‘tib, u yoqdan bu yoqqa yura boshlaganida, ichimga yana g‘ulg‘ula tushdi. Tik turishga urindim, lekin toliqqan oyoqlarim o‘zimga bo‘y sunmadi.

«Hukmni ko‘zlarimga tik qarab emas, ortimdan aytsa kerak», — deya o‘ylay boshladim. Bir payt Prezidentning qadam tovushlari shundoq ortimga kelganda tindi. Mening ham nafas olishim to‘xtab qolganday bo‘ldi. «Hammasi tamom!» Asta o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Har qanday jazoni tik turib qabul qilgim keldi.

Hali butunlay qaddimni rostlab olmagan edim, yelkamga yengilgina shapati tushdi. Bu xatti-harakat nimaning alomati ekanligini anglolmay qoldim. Axir xayolim ming bir xavotir bilan band edi-da. Asta o‘girilib Prezidentga nigoh tashladim. Bu paytda uning chehrasi ancha yorishgan edi.

«To‘g‘ri qilding! Portlatmay, yaxshi qilding!»

O‘h, bu gapni eshitguncha ichimdan nelar o‘tgani o‘zimga-yu yolg‘iz Allohga ayon. Termizdan poytaxtga uchib kelguncha o‘tgan vaqt, Prezident qarshisidagi yarim soat tushuntiruv meni bir necha yilga qaritdi.

Negaki bu oraliqda yuragim tortgan g‘am-anduhning chegarasi yo‘q edi. Lekin hammasi yaxshilik bilan yakunlandi. Shunday qilib, Islom Karimov huzuridan eson-omon chiqib keldim. Bor haqiqat – shu!

Ha, yoshlarga ibrat bo‘ladigan bu haqiqatni Ismoil Hakimovich bilan yuzma-yuz suhbatlashib bilish mumkin edi. Shu paytgacha oshkor qilmaganidan ham bilingki, kamtar inson. Lekin ma’lum bir qaltis vaziyatlarda ko‘rsatilgan jasorat, qahramonlik, ezgulik baribir sirligicha qolib ketmasligi kerak. Qolib ham ketmaydi!

Bu biz jurnalistlarning birinchi galdagi vazifamizdir.

Ismoil Hakimovich bilan xayrlashar ekanmiz, yuragining tubida hali aytilmagan gaplari, hozircha oshkor etilmagan voqea-hodisalarning tafsilotlari ko‘p ekanini payqadim.

Shuning uchun yana uchrashishga qaror qilib, ortga qaytdim. Shunday hikoyani eshitish, qo‘lga qalam olib qog‘ozga tushirishga sababchi bo‘lgan O‘tkir Komilovdan esa behad minnatdor edim.

Akbarali Nurmatov,
jurnalist

Manba: 7news.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!

Millioner! Husanov “Siti”da jami qancha maosh oladi?

Франциянинг L’Équipe спорт нашри Англия Премьер-лигасидаги энг юқори маош олувчи 5 нафар футболчидан иборат рейтингни эълон қилди.

Evropa Ukrainadan voz kechib, Rossiya bilan hamkorlik qilishga harakat qilmoqda

Бу ҳақда Германиянинг Berliner Zeitung газетаси хабар берди

Eron: "Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tajovuzkor AQShning USS Abraham Lincoln aviatashuvchi kemasiga zarba berdi"

Бу ҳақда Эрон Ислом инқилоби қўриқчилари корпуси матбуот хизмати маълум қилди.

Trampning bosimi ostida qolgan Saudiya Arabistoni shahzodasi Putin bilan suhbatlashdi

Бу ҳақда Россия ОАВлари Кремль матбуот хизматига таяниб хабар бермоқда.

AQSh va Isroil Eronga gumanitar yordam olib ketayotgan samolyotni urib tushirdi

Бу ҳақда Эрон фуқаролик авиацияси ташкилоти баёнот берди.

Hormuz bo‘g‘ozida Amerika qiruvchi samolyoti urib tushirildi

Бу ҳақда ISNA агентлиги Эрон Ислом инқилоби қўриқчилари корпусига таяниб хабар берди.

Pep Gvardiola Yevropaning grand terma jamoasini qabul qilib olishi mumkin

Италия терма жамоаси навбатдаги бор Жаҳон чемпионатидан қуруқ қолганидан сўнг янги мураббий тайинлашга тайёргарлик кўрмоқда.

Mirshaymerning keskin bayonoti: «Tramp va Netanyaxu Nyurnbergda osilgan bo‘lar edi»

Агар Нюрнберг суд жараёнлари бугун ўтказилганида, АҚШ президенти Дональд Трамп ва Исроил бош вазири Биньямин Нетаньяху қатл этилган бўлар эди.

Misr kemasi Rossiyaning "Arktik Metagaz" gaz tashuvchisini tortib olayotgani xabar qilindi

Ливия Фавқулодда вазиятлар қўмитаси маълумотига кўра, кема ҳозирда қирғоқдан 62 мил узоқликда жойлашган.

"Tramp hali ham g‘alaba qozonganini aytib keladi. Lekin aslida u ancha oldin yutqazgan edi"

Менимча, Тайван фуқаролари ҳақиқий вазиятга назар ташлаганларида, буни аниқ кўришади.

Eronda bir baqqol do‘koni oynasida shunday yozuv ilgan:

«Бу хаёлий маҳсулот эмас. Агар эҳтиёжинг бўлса, ол — урушдан кейин тўлайсан.»

Qadr kechasi qaysi kunga to‘g‘ri keladi?

Рамазон ойининг охирги 10 кунлиги бошланди.

Eronda 19 yoshli sportchi dorga osib qatl etildi

19 ёшли Солиҳ Муҳаммадий — Эрон ёшлар терма жамоаси аъзоси ва 2024 йил халқаро мусобақалар совриндори — яна икки йигит билан бирга дорга осиб қатл этилди.

Erling Xoland o‘ziga yangi jamoa tanladi

Бу ҳақда Football365 портали журналистлари хабар бермоқда.

Eron musulmon davlatlariga chaqiriq bilan chiqdi

Эрон Олий Миллий Хавфсизлик Кенгаши котиби Али Ларижоний АҚШ ва Исроил ҳужуми бошланганидан бери ҳеч бир мусулмон давлати Эронга ёрдам бермаганини айтди.

Eron: yangi havo mudofaa tizimi bir nechta AQSh samolyotlarini urib tushirdi

Эрон Ислом инқилоби қўриқчилари корпуси маълум қилишича, 3 апрель куни янги ҳаво мудофаа тизими АҚШ ва Исроилга тегишли ҳаво техникасига зарба берган.

Gvardiolaning yordamchisi: «Husanov shu qadar tezki...»

«Манчестер Сити» бош мураббийи Пеп Гвардиоланинг ёрдамчиси Пеп Лейндерс ўзбекистонлик ҳимоячи Абдуқодир Ҳусановнинг ўйини ва салоҳияти ҳақида тўхталиб ўтди.

Bahodir Jalolov: “Erkak kishini ikki narsa sindiradi..."

Олимпия ўйинлари чемпиони, машҳур боксчимиз Баҳодир Жалолов берган интервюларидан бирида эркак кишининг ҳаётидаги энг катта тўсиқлар ва муваффақият омиллари ҳақида ўз фикрларини билдириб ўтди.

Abduqodir Husanovning «Liverpul»ga qarshi o‘yini qanday baholandi?

"Манчестер Сити" Англия кубоги чорак финалида "Ливерпуль"ни йирик 4:0 ҳисобида мағлуб этиб, ярим финалга йўл олди.

AQSh kelasi yili Kiyevga yordam bermaydi

Оқ уйнинг 2027 йилги Қўшма Штатлар учун федерал бюджет таклифида Киевни қўллаб-қувватлаш учун ҳеч қандай маблағ кўзда тутилмаган.

Bushehr AESga yana zarba berildi

Бу можаро бошланганидан буён тўртинчиси

Qosim Sulaymoniy qarindoshlari AQShda qo‘lga olindi

АҚШда 2020 йилда ҳалок бўлган генерал Қосим Сулаймонийнинг қариндошлари — жияни ва унинг қизи ҳибсга олингани хабар қилинди.

AQSh Eron bilan urushda 13 harbiy xizmatchidan ayrilgan, 365 nafari esa yaralangan

Пентагон маълумотига кўра, Эронга қарши ҳарбий ҳаракатларда энг кўп талафотни қуруқлик қўшинлари берган.

Germaniyadagi qonun o‘zgarishi Ukrainacha safarbarlikka olib kelishi mumkin

Германияда ҳарбий хизматга оид қонунга киритилган ўзгаришлар жамиятда баҳс-мунозараларга сабаб бўлмоқда.

Donald Tramp Eronga 48 soat berdi: “shundan so‘ng do‘zaxni ochamiz”

АҚШ президенти Дональд Трамп Эронга Яқин Шарқ келишуви бўйича АҚШ шартларини қабул қилиш учун 48 соат муддат берганини маълум қилди.

Venada Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qarshi miting o‘tdi

Намойишда бир неча юз киши иштирок этган.

Donald Tramp Eron operasiyasi tufayli qiyin vaziyatga tushdi

Истеъфодаги америкалик дипломат Жим Жатраснинг фикрича, АҚШ президенти Дональд Трамп Эронга қарши операция сабаб мураккаб сиёсий вазиятда қолган.

Germaniyada niqobli shaxs poyezd yo‘lovchilariga hujum qildi

Йўловчилардан бири ҳужумчини ҳожатхонага қамаб қўйишга муваффақ бўлган. Полиция жиноятчини Бонн/Зигбург вокзалида қўлга олди.

Rossiyada yo‘lovchi poyezdining yettita vagoni relsdan chiqib ketdi

Челябинск вилояти губернатори Алексей Текслернинг аниқлик киритишича, икки йўловчи оғир тан жароҳати олган, яна 20 киши ҳам енгил жароҳатланган.

"Abadiyat belgilar: Ramzlarda turkiy olam” hujjatli filmi e’lon qilindi (VIDEO)

Фильм Туркий маданият ва мерос жамғармаси томонидан ишлаб чиқарилган бўлиб, энди TurkDiscovery YouTube платформасида томоша қилиш учун тақдим этилди.

Toshkentda zilzila sodir bo‘ldi

Тожикистонда 10 км чуқурликда 5.5 магнитудали зилзила қайд этилди.

Marokash giyohvand moddalar karteliga tegishli yer osti tunneli Ispaniyada topildi

Операцияда 250 га яқин полиция ходими иштирок этди. Натижада 27 киши ҳибсга олинди, 17 тоннадан ортиқ гашиш ва 88 килограмм кокаин мусодара қилинди.

Donald Tramp Eronga yangi tahdid yubordi: “Kelishuvga erishmasangiz, hech narsa qolmaydi”

Бу таҳдид Трампнинг Truth Social аккаунтида эълон қилинди.

Donald Tramp ijtimoiy dasturlarni qisqartirish orqali harbiy xarajatlarni yirik miqdorda oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda — Bloomberg

Агентликнинг хабар беришича, АҚШнинг 2027 йилги бюджетида асосий эътибор мудофаа соҳасини кенг кўламда кучайтиришга қаратилади.

AQSh va Isroil havo hujumi Tehron yaqinidagi Karaj shahrida qurilayotgan B1 ko‘prigini qisman vayron qildi

Кўприк минтақани Эрон пойтахти билан боғлайдиган йирик автомагистралнинг бир қисми бўлиши режалаштирилган эди.

Xitoyda yangi xavfli virus tarqalmoqda

Хитойда илк бор ўта хавфли SAT1 туридаги вирус штамми аниқланди — касаллик Россиянинг чегара ҳудудларида тарқалмоқда.

Eron qat’iy ogohlantirdi: AQSh va Isroil taslim bo‘lmas ekan, urush to‘xtamaydi

Эрон расмийлари АҚШ ва Исроил ҳали таслим бўлмагани ҳолда, Теҳронда олиб борилаётган ҳарбий кампания тўхтамаслигини эълон қилди.

Ukraina terrorni eksport qila boshladi...

Яқинда Ҳиндистонда олти украиналик ва битта америкалик ҳибсга олинган эди.

Tehronda vayronagarchilik: 46 mingdan ortiq binoga zarar yetdi

АҚШ ва Исроилнинг 28 февралдан 2 апрелгача бўлган ҳаво ҳужумлари натижасида Теҳронда 46 437 та турар-жой ва тижорат бинолари зарар кўрди.

Donald Tramp va NATO o‘rtasida ziddiyat: respublikachilar qarshi chiqmoqda

АҚШдаги республикачи сиёсатчилар Дональд Трампнинг мамлакатни НАТОдан чиқариш эҳтимолига қарши чиқмоқда.