Irlandiya parlamenti «G‘azodagi genosid»ni qoralovchi rezolyusiyani qabul qildi
Anadolu agentligi xabariga ko‘ra, Irlandiya bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar va mudofaa vaziri Mishol Martin muzokaralar chog‘ida G‘azodagi vaziyatdan chuqur xavotir bildirdi. Unga ko‘ra, hududda halok bo‘lganlar soni 43 ming kishidan oshgan. «Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari har qanday ma’naviy ko‘rsatmalardan tashqarida. Biz butun aholining jamoaviy jazolanishiga va G‘azo butunlay vayron qilinganiga guvoh bo‘lmoqdamiz», — dedi Martin.
U zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va Isroilning BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ish bilan shug‘ullanuvchi agentligi (UNRWA) faoliyatini taqiqlashini qoraladi. Irlandiya tomoni UNRWAning falastinliklar uchun o‘ynagan rolini himoya qilish va Isroil hukumatining agentlikka «tizimli hujumlari»ga qarshi turish uchun xalqaro tashkilotlar va hamfikr davlatlar bilan faol hamkorlik qilmoqda, dedi u.
Martin, shuningdek, Irlandiyaning Falastin davlatini tan olishi dunyo miqyosida falastinliklar bilan birdamlikni namoyish etish muhimligini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Irlandiya Genosid konvensiyasini buzgani uchun Janubiy Afrika tomonidan Xalqaro sudda qo‘zg‘atilgan Isroilga qarshi sud ishiga qo‘shilishni rejalashtirmoqda. Bu masala bo‘yicha yakuniy qaror yil oxirigacha e’lon qilinadi, dedi Martin.
Muhokamalardan so‘ng yuridik kuchga ega bo‘lmagan qaror ovoz berish yo‘li bilan qabul qilindi. Ushbu hujjat hukumatni harakat qilishga majbur qilmasa ham, parlamentning vaziyatga nisbatan pozisiyasini aks ettiradi. Rezolyusiya Irlandiya hukumatini Isroil bilan har qanday harbiy materiallar savdosini to‘xtatishga, ikki maqsadli mahsulotlarni sotishni taqiqlashga, Isroilga qurol olib ketayotgan samolyotlar uchun Irlandiya aeroportlari va havo kengliklarini yopishga hamda mamlakatga savdo va diplomatik sanksiyalar joriy etishga chaqiradi.