IQTISODIY SUDLARDA ISHLAR MUHOKAMASI OSHKORA O‘TKAZILADI

IQTISODIY SUDLARDA ISHLAR MUHOKAMASI OSHKORA O‘TKAZILADI

Ma’lumki, O‘zbekistonda 2017 yil 1 iyundan boshlab avvalgi xo‘jalik sudlari faoliyati tugatilib, ularning o‘rniga tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etildi.

Iqtisodiy sudlar tomonidan sud ishlarini yuritishda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan Iqtisodiy prosessual kodeksi normalari qo‘llanib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy prosessual kodeksiga ko‘ra, iqtisodiy sud ishlarini yuritish prinsiplari – sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi, qonun va sud oldida tenglik, sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi, sud ishlari yuritiladigan til, sud muhokamasining oshkoraligi, sud muhokamasining bevositaligi, ishlarni qonunchilik asosida hal qilish, chet davlat huquqiy normalarini qo‘llash, sud hujjatlarining majburiyligidan iborat.

Ushbu prinsiplar qisman O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida ham o‘z ifodasini topgan.

Iqtisodiy ishlar bo‘yicha odil sudlov ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar bo‘yicha faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. Odil sudlov boshqa organlar, shuningdek jamoat birlashmalari tomonidan amalga oshirilmaydi.

Sudda nizolarni hal qilish yuridik shaxslarning mulkchilik shaklidan, qayerda joylashganligidan, kimga bo‘ysunishidan qat’i nazar, fuqarolarning esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan, shuningdek boshqa holatlardan qat’i nazar qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshiriladi.

Odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar mustaqildirlar va faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar mustaqilligining kafolatlari qonun bilan belgilanadi.

Iqtisodiy sud ishlari o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda yuritiladi. Sud ishlari yuritilayotgan tilni bilmaydigan sud prosessi ishtirokchilarining tarjimon orqali ish materiallari bilan tanishish, sud harakatlarida ishtirok etish hamda sudda o‘z ona tilida yoki erkin tanlangan muloqot tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi. Sud muhokamasi jarayonida qabul qilinadigan sud hujjatlari sud majlisi qaysi tilda o‘tkazilgan bo‘lsa, o‘sha tilda tuziladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, iqtisodiy sudlarda ishlar muhokamasi oshkora o‘tkaziladi. Davlat sirini, tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlash zarur bo‘lgan taqdirda ishni yopiq sud majlisida eshitishga yo‘l qo‘yiladi. Ishni yopiq sud majlisida videokonferensaloqa rejimida eshitishga yo‘l qo‘yilmaydi, bunday majlisning audio- va videoyozuvlari amalga oshirilmaydi. Eshitish yopiq sud majlisida o‘tkazilgan taqdirda ishni elektron shaklda shakllantirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishni yopiq sud majlisida muhokama qilish to‘g‘risida ajrim chiqariladi. Sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora o‘qib eshittiriladi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari sudning rasmiy veb-saytida taraflarning roziligi bilan yoki shaxsi ko‘rsatilmagan tarzda e’lon qilinadi, bundan sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari mustasno.

Sud ishni muhokama qilishda ish bo‘yicha barcha dalillarni bevosita tekshirishi shart. Sud, qonunni buzgan holda olingan dalillardan foydalanishi mumkin emas.

Eslatib o‘tish joizki, Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, boshqa organlar, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir hamda ushbu hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi lozim. Sud hujjatlarini bajarmaslik ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!