Inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlarni maxsus platformada shakllantirish tartibi belgilandi

Hukumat qarori (492-son, 22.09.2023 y.) bilan Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlarni hrm.argos.uz elektron platformasida shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi
Nizomga ko‘ra, davlat organlarining ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish, tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va ularga ishlov berish, xodimlar faoliyatining samaradorligini avtomatik tarzda baholash, kadrlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron arxivini yuritish, rahbar kadrlar uchun belgilangan zaxiralarni shakllantirish hamda inson resurslarini boshqarishga oid boshqa faoliyati elektron platformada amalga oshiriladi.
Inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlarni shakllantirish va yuritish uchun yuridik shaxs maqomidagi davlat organlari elektron platformadan foydalanuvchi hisoblanadi.
Barcha foydalanuvchilar elektron platformada shaxsiy ERI kaliti orqali ro‘yxatdan o‘tadi, bunda:
davlat organi rahbari shaxsiy ERI kaliti yordamida davlat organining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmasi mas’ul xodimini belgilab, unga elektron platformadan foydalanish imkoniyatini beradi;
inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmasi xodimi shaxsiy ERI kaliti yordamida elektron platformada ma’lumotlar va hujjatlarni shakllantiradi hamda yuritadi.
Elektron platformada davlat organi tuzilmasini uning shtat jadvaliga muvofiq bo‘linmalar va ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni kiritish orqali shakllantiriladi. Bunda har bir lavozim alohida yaratiladi.
Elektron platformada davlat organlarining ichki idoraviy hujjatlari (buyruq, qaror va farmoyish) ERI bilan tasdiqlangan holda faqat elektron platformada shakllantiriladi va qabul qilinadi.
Elektron platforma orqali qabul qilingan ichki idoraviy hujjatlar ijroga qaratish uchun edo.ijro.uz axborot tizimiga avtomatik tarzda yuboriladi.
Davlat organlarining vakant lavozimlarini e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlar elektron platforma va vacancy.argos.uz axborot tizimining o‘zaro integrasiyalashuvi asosida amalga oshiriladi.
Davlat organining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari tomonidan elektron platformaga kiritilgan:
davlat organi tuzilmasi, xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari va ularga qo‘shimcha bitimlar, mehnat shartnomalarining bekor qilinishi hamda vakant ish o‘rinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “YAMMT IDAK” elektron tizimiga;
xodimlarga oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar “UzASBO” dasturiy majmuasiga avtomatik tarzda yuboriladi.
Davlat organlarining belgilangan rahbarlik lavozimlari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritish jarayoni elektron platforma orqali amalga oshiriladi.
Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning shaxsiy ma’lumotlari elektron platforma va zaxira.argos.uz platformasining o‘zaro integrasiyalashuvi asosida yuritiladi.