Ilhom Aliyev Ozarbayjon prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi

Ozarbayjonda hukmron Yangi Ozarbayjon partiyasi 2024 yil 7 fevralda bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari saylovlarda amaldagi davlat rahbari Ilhom Aliyevni Ozarbayjon prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatdi. Bu haqda partiya raisi o‘rinbosari Tair Budagov ma’lum qildi.
«Bo‘lajak navbatdan tashqari saylovlarda bizning nomzodimiz amaldagi Prezident Ilhom Aliyev bo‘ladi», dedi Budagov jurnalistlarga.
Aliyevning nomzod sifatida rasman tasdiqlanishi partiya boshqaruvining navbatdan tashqari yig‘ilishida bo‘lib o‘tadi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi arizachining hujjatlarini olgan kundan boshlab besh kun ichida uni ushbu lavozimga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Shundan so‘ng nomzodning o‘zi yoki u vakolat bergan guruhlar mamlakat prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan nomzodni ro‘yxatga olish uchun zarur imzolarni to‘plashga kirishadi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun 40 ming saylovchining imzosini to‘plash kerak. MSK hujjatlarni 19 dekabrdan 8 yanvargacha qabul qiladi.
Nomzodlar foydasiga saylovoldi tashviqoti ovoz berish kuniga 23 kun qolganda, ya’ni 15 yanvardan boshlanadi. Saylovga bir kun qolganda sukunat kuni e’lon qilinadi.
7 dekabr kuni Aliyev respublikada muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi va ovoz berish sanasi 2024 yil 7 fevral deb belgiladi. Navbatdagi prezidentlik saylovlari 2025 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Saylovlarni qoldirish sabablari haqida ma’lumot berilmagan.
Ozarbayjonning amaldagi Konstitusiyasiga ko‘ra, mamlakat Prezidenti yetti yil muddatga saylanadi, muddatlar soni bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q. Ozarbayjonda so‘nggi prezidentlik saylovlari 2018 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tdi, Aliyev g‘alaba qozondi.