Ikki bolaning taqdirida qalamning o‘rni

Ikki bolaning taqdirida qalamning o‘rni

Bir kuni advokatlar byurosida o‘tirgan edim. U yerda bir kishi bilan tanishib qoldim. Advokatning qo‘lidagi hujjatlarning jildiga «O‘ta xavfli katta o‘g‘ri» deb yozilgan ekan.

Men u kishidan: «Qanday qilib bunday o‘g‘ri bo‘lib ketding?», deb so‘radim.

U kulimsirab: «Bunga onam sababchi», dedi.

«Qanday qilib?», dedim men.

U yana kulimsirab, shunday hikoya qila boshladi:

«To‘rtinchi sinfda edim. Bir kuni qalamimni yo‘qotib qo‘ydim. Uyga kelganimda onam buni bilgach, meni qattiq kaltaklab, xunuk so‘zlar bilan urishdi, «Landovur! Latta!» deb baqirdi. Onamning bunchalik qattiqqo‘lligi tufayli uning oldiga quruq qo‘l bilan qaytmaslikka ahd qildim-da, ertasi kuni sinfdoshlarimdan birining qalamini o‘g‘irladim. Qalamni kim o‘g‘irlaganini hech kim bilmadi. Bundan dadillashib, boshqa o‘rtoqlarimning qalamlarini ham o‘g‘irladim. Avvaliga hadiksirab o‘g‘irlardim, asta-sekin qo‘rqmay ham qoldim. Usta o‘g‘ri bo‘lib ketdim, turli hiylalar o‘rgandim. Eng qizig‘i, o‘rtoqlarimning qalamini o‘g‘irlab, keyin yana o‘zlariga pullardim. Bir oydan keyin sinfdoshlarimni tunash menga qiziq bo‘lmay qoldi. Endi qo‘shni sinflarga ham o‘g‘irlikka tusha boshladim. Sinfdan sinfga o‘tib, oxiri maktab mudirining xonasiga o‘g‘rilikka tushdim. Bu yillar men uchun haqiqiy o‘g‘rilik maktabi bo‘ldi. Keyinchalik tajribam ortib, katta o‘g‘ri bo‘lib ketdim».

Ikkinchi bolaning onasi shunday hikoya qiladi:

«O‘g‘lim ikkinchi sinfda o‘qir edi. Bir kuni maktabdan boshqacharoq bo‘lib keldi. So‘rasam, qalamini yo‘qotib qo‘yibdi. Men undan: «Keyin nima qilding?», deb so‘radim. U: «O‘rtog‘imning qalamini olib turdim», dedi. «Yaxshi qilibsan. O‘rtog‘ing senga qalamini berib turgani uchun sendan yegulikmi, sharbatmi yoki pulmi oldimi?» dedim. «Yo‘q, hech narsa olmadi», dedi o‘g‘lim. «Unday bo‘lsa, rosa savobga qolibdi-da! Qo‘li ochiq, yaxshi bola ekan. O‘g‘lim, sen ham shunday qo‘li ochiq bo‘lgin, xo‘pmi? Sen ham boshqalarga yaxshilik qilsang, senga ham ana shunday savoblar, hasanotlar yoziladi», dedim.

«Qanday qilib?», dedi o‘g‘lim ko‘zlari yonib. «Senga ikkita qalam sotib olamiz. Bittasida o‘zing yozasan, ikkinchisini «Savoblar qalami» deb ataymiz. Qaysi sinfdoshing qalamini esidan chiqarib qo‘ygan yoki yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa, unga berib turasan. Darsdan keyin yana qaytarib olasan», dedim. O‘g‘lim bu taklifni eshitib, xursand bo‘lib ketdi. Ertasiga yettita qalam sotib oldik, bittasi o‘ziniki bo‘ldi, qolgan oltitasi esa «savob qalamlari» bo‘ldi. Bir necha kundan keyin «Qalami esidan chiqib qolgan o‘rtog‘imga qalam berib turib, savob oldim!» deb xursand bo‘lib kirib keldi. Buni qarangki, o‘g‘lim maktabda o‘qishni unchalik yoqtirmas, shuning uchun o‘qishi ham biroz sust edi. Lekin savobga qalam berib tura boshlaganidan keyin maktabni yaxshi ko‘rib qoldi. Chunki endi maktabda uni o‘qituvchilari ham, sinfdoshlari ham maqtay boshlashdi. Kimning qalami yo‘q bo‘lsa, o‘g‘limga aytadgan bo‘ldi. O‘qituvchilar ham birorta o‘quvchining yozmay o‘tirganini ko‘rib qolsa, «Qani falonchi, savob qalamingni o‘rtog‘ingga berib tur-chi» deydigan bo‘lishdi. Xullas, o‘g‘limning o‘qishlari yaxshilanib qoldi. O‘qishga jon-dili bilan berilib ketdi. Hozir u universitetni tamomladi, uylandi, Alloh unga farzandlar ham berdi. O‘g‘lim «savob qalamlari»ni hech qachon unutmaydi. Hozir u shahrimizdagi eng katta xayriya jamg‘armasining rahbari».

Azizlar, farzandlarimizning tarbiyasida nihoyatda hushyor bo‘laylik. Ularga muloyim muomala qilib, hatto salbiy voqealarni ham bebaho tarbiyaviy usullarga aylantiraylik.

Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu’tiyning

 «Farzandlarimizni mehr bilan tarbiyalaylik» kitobidan

Tarjimon: Muhammad Ali Muhammad Yusuf 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!