Hojatxona va hammomning bir joyda bo‘lishi mumkinmi?
Zamon taraqqiylashgani sari, barcha sohalarda ham jadallik, qulaylik va yangiliklar ko‘zga tashlanib boraveradi. Masalan, bugun qurilayotgan uylarning aksarida zamonaviy hammomlar yonida hojatxona unitazi ham o‘rnatilmoqda. Buni shar’iy hukmi qanday bo‘ladi? Mana shu mazmundagi savol va uning javobi muxlis.uz saytida e’lon qilindi. Jumladan, savol egasi shunday deydi:
“Assalomu alaykum. Savolim shundan iborat: agar cho‘miladigan dushxonada unitaz ham qo‘yilgan bo‘lsa, orasi to‘silmagan holda bo‘lsa, u xonada tahorat olsa, g‘usl qilsa bo‘ladimi?”.
Ushbu savolga «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li javob qaytargan.
“Va alaykum assalom. Aslida, hojatxonada tahorat qilish mumkin emas. Sababi u yerda najosat bo‘ladi. Yana bunday joylarda turli zikrlarni o‘qilmaydi. Ammo hozirda zamonaviy hammomlar yonida hojatxona ham qurilmoqda. Bunda hojatxonada kanalizasiya bo‘lib, u yerda najosat yig‘ilib turmasa, yana tushgan najosat asari vaqtida suv bilan tozalab turilsa, unday joyda tahorat qilish mumkin. Shunda ham hojatxona bilan hammom o‘rtasiga biron to‘siq qilish afzal (devor bo‘lishi shart emas). Mo‘min-musulmon banda hojatxona va hammomini pokiza tutadi, u yerdagi najosatlarni vaqtida tozalab turadi. Zero, poklik imondandir.
Tahorat qiladigan joy pokiza bo‘lsa, yerga tushib libosga sachragan suvning zarari yo‘q. Ammo nopok joyda tahorat qilinsa, jumladan, hammom nopok holda bo‘lib, sachragan suv libosga teksa, uni iflos qiladi.
Ulamolar pokiza hammomda “bismillah” deyish joizligini aytishgan. Aslida imkonini topgan odam hammom tashqarisida tahorat qilgani afzal, deyiladi. Ammo pokiza hammomlarda tahorat qilishning hech qanday karohati yo‘q.
Xullas, aslida tagida najosat yig‘ilib turadigan hojatxona va boshqa nopok joylarda tahorat qilinmaydi. Ammo hojatxonada kanalizasiya bo‘lib, tushgan najosat vaqtida suv bilan tozalab turilsa, u endi hojatxona hukmida emas. Bunday joyda tahorat yoki g‘usl qilsa bo‘ladi. Aniqrog‘i, mana shunday sifatga ega hojatxonaning hammom bilan bir joyda bo‘lishi joiz. Faqat bunda poklikka e’tibor berish, najosat asari qolib ketishiga, yoqimsiz hid chiqib turishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Vallohu a’lam!”.