Hojatxona qurib, foyda olish mumkinmi?
Savol: Assalomu alaykum, hurmatli ustoz, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda tijorat maqsadida hojatxona ochsa bo‘ladimi? Undan tushgan pulning hukmi qanday?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohim. Va alaykum assalom. Avvalo, sizga juda muhim masalalardan birini ko‘targaningiz uchun alohida tashakkur bildiramiz. Chindan ham, bugungi kunda insonlar uchun hojatxona qurib, ishga tushirish hayot zaruratlaridan biriga aylandi. Bu ish savobli amal bo‘lish bilan birga, atrof-muhit tozaligiga ham hissa qo‘shish bo‘ladi. Shu bois imkoniyati bor kishilar bu ishni qilishi kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘mindan bir dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishining ishini yengillatsa, Alloh taolo unga dunyoyu oxiratda yengillik beradi...”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ushbu xayrli ishni qilgan odam qanchadan-qancha insonlarga qulaylik yaratadi. Ayniqsa, bu masalada ayollarga yordam berish juda katta noqulaylikdan xalos etishi ayni haqiqatdir.
Masalaning yana bir eng muhim jihati, juda ko‘p odamlar barcha sharoitlarga ega bo‘lgan hojatxonalar borligi sabab safar yoki muqimlikda kundalik ibodatlarini qazo qilmay ado etishga muvaffaq bo‘lishmoqda. Demak, ibodat qilishga sharoit paydo qilayotganlar ko‘plab insonlarning ibodati savobiga sherik bo‘lishmoqda.
Ushbu xayrli ish insonlar uchun birinchi darajali zaruratlardan bo‘lgani uchun sarmoyasi bor yurtdoshlarimizga quyidagi maslahatni beramiz: Insonlar gavjum joylarda barcha qulayliklari (issiq va sovuq suv, tahorat olish imkoniyati) bor hojatxona qurib, unga zarur bo‘lgan xodim biriktirsin. Uning ehtiyojiga yarasha oylik va hojatxona faoliyati uchun zarur vositalar (qog‘oz va boshqa narsalar, kommunal to‘lov va ta’mir ishlari) miqdoriga yarasha narx qo‘yib ishga tushirsa, dinimizda to‘xtovsiz savobi yetib turadigan amallardan birini qilgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
Saidjamol MASAYITOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi.