Germaniyada ham ishlash, ham o‘qish imkoniyati kengaymoqda
Bugungi kunda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Tashqi mehnat migrasiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida, jumladan, Yevropaning qator davlatlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan dunyoning rivojlangan davlatlari vakolatli tashkilotlari, salohiyatli ish beruvchilari bilan muzokaralar o‘tkazilib, amaliy natijalarga erishilmoqda.
Masalan, O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyaga vaqtincha mehnat faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha 25 loyiha amalga oshirilyapti. Hozirgi kunda germaniyalik ish beruvchilar nemis tilini biladigan, muayyan kasb egallagan yurtdoshlarimizni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, tibbiy faoliyat, yuk avtomobili haydovchisi, parvarishlash, qurilish, mexatronika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ishga taklif qilyapti. 2023 yil 500 ga yaqin odam Germaniyaga jo‘natildi. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 250 nafardan ziyod fuqaromiz ushbu davlatga ishlash uchun ketdi.
Bugun Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi, Germaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi va ushbu davlatning salohiyatli ish beruvchi jamoalari ishtirokida ilk bor “Mehnat yarmarkasi” tashkil etildi. Tadbirda Germaniyaning 10 dan ziyod tashkiloti elektr ustasi, payvandchi, duradgor, avtochilangar, mehmonxona va restoran xizmatchisi, axborot texnologiyalari mutaxassisi, qishloq xo‘jaligi ishchisi, hamshira, parvarishlovchi yo‘nalishlarida bo‘sh ish o‘rni taklif etdi.
Mehnat yarmarkasida nemis tilini biladigan 18-40 yosh fuqarolar ishtirok etdi.
Ish beruvchi firmalar qo‘yiladigan talab, mehnat muhojirlari uchun yaratilgan qulaylik va shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
– Bugungi yarmarkada tibbiyot va keksalarni parvarishlash bo‘yicha mutaxassislarni to‘playapmiz, – dedi “Residenz Schloss Stetten GmbH” rahbari Van Stetten. – Ishchilarni bir necha dastur orqali qabul qilamiz. Asosiy shart – nemis tilini bilish. Agar ishlash istagidagi insonlarda kasb ko‘nikmasi yetarli bo‘lmasa, ularni o‘qitamiz. Nomzodlar ham ishlaydi, ham o‘qiydi va malakali mutaxassis bo‘lib yetishadi. Ayni payt qariyalarni parvarish qiladigan tibbiy xodimlarga talab yuqori.
Germaniyaning “Technoconsult” va “CBZ Munchen GmbH” markazlari bilan hamkorlikda Namangan, Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida tashkil etilgan kurslarda ham nemis tili o‘rgatilyapti.
Surxondaryolik Nurshod Abdullayev 4 oydan beri Germaniyada ishlayapti. U tadbir qatnashchilariga Germaniyada ishchilarga yaratilgan sharoit haqida so‘zlab berdi.
– Maktabni tamomlab, nemis tilini o‘rgandim, – deydi Nurshod. – Tilni chuqur o‘zlashtirish va tibbiyot sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishni maqsad qilganman. Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ko‘magida ko‘ngilli bo‘lib ishlash va o‘qish uchun Germaniyaga ketdim. To‘rt oydan buyon qariyalar uyida ishlayapman. Bizga ishlash, yashash, eng asosiysi o‘qish uchun barcha sharoit yaratilgan. Niyatim – yurtimizga oliy toifali shifokor sifatida qaytib kelish.
19-20 iyun kunlariga belgilangan mehnat yarmarkasi doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlovlar ham o‘tkazilmoqda.
