Fuqaro aviasiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviasiya korxonalarini transformasiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Navoiy xalqaro aeroportining asosiy ko‘rsatkichlari 2025 yilda 2024 yilga nisbatan o‘sganiga qaramasdan, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha maksimal quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.
Shuningdek, aeroport infratuzilmasi, texnika parki, yuk va yo‘lovchi terminallarini modernizasiya qilish, faoliyat jarayonlarini raqamlashtirish zarur.
Taqdimotda Navoiy xalqaro aeroportini loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish taklif etildi.
Aeroportni “Uzbekistan Airports” AJning markazlashgan operativ boshqaruv tizimidan ajratgan holda, unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish hamda shartnomalar tuzish huquqi beriladi.
Aeroport daromadlarini uning infratuzilmasini modernizasiya qilish, yoqilg‘i rezervuarlarini kengaytirish, havo kemalarini ta’mirlash va bo‘yash xizmatlarini joriy etishga yo‘naltirish orqali aviasiya xizmatlari eksportini oshirish vazifalari belgilandi.
Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan biznes rejasi to‘g‘risida axborot berildi. Unga ko‘ra, tijorat va noaviasion faoliyat ko‘rsatkichlari 50 foizga oshiriladi, 25 tadan ortiq aviakompaniyalarning doimiy parvozlari yo‘lga qo‘yilib, qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan oshiriladi.
Aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan “porto-franko” erkin bojxona zonasini tashkil etish taklif qilindi.
2029 yil 1 yanvarga qadar havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun olib kiriladigan maxsus texnika va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Shuningdek, hududdagi mehmonxona aeroport tasarrufiga o‘tkazilishi belgilandi.
Taqdimotda fuqaro aviasiyasi korxonalarini transformasiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida xarajatlarni qisqartirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda asosiy faoliyat turiga xos bo‘lmagan xizmatlarni autsorsingga o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, elektr energiyasida harakatlanuvchi maxsus transport vositalaridan foydalanish orqali ekspluatasion xarajatlarni kamaytirish zarurligi qayd etildi.
2026 yildan boshlab “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan nosohaviy faoliyatni moliyalashtirish to‘xtatilishi belgilandi. “Uzbekistan Airports” faoliyati 18 ta, “Uzbekistan Airways” faoliyati esa 16 ta ustuvor vazifa asosida amalga oshiriladi.
Jumladan, korxonalarda xizmatlar sifatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni mustahkamlash, xizmat va mahsulot tannarxini hisoblashda maqbul metodologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarining barcha bosqichlarini raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Transformasiya doirasida tashkiliy tuzilmalarni qayta ko‘rib chiqish, shtat birliklarini maqbullashtirish, xalqaro kredit reytinglarini oshirish, IPOga chiqish hamda korporativ xalqaro obligasiyalarni joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda aviasiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalari, jumladan, Fuqaro aviasiyasi universiteti va uning qoshida aviasiya texnikumini tashkil etish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi.
Ta’lim muassasalari AQShning “Embry-Riddle”, Fransiyaning “ENAC” kabi yetakchi xalqaro aviasiya ta’lim markazlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Universitetda bort kuzatuvchi, aviasiya texnikasi bo‘yicha mutaxassislar va mexaniklar kabi amaliy kasblar bilan birgalikda uchuvchilik, muhandislik, havo harakati dispetcherligi, boshqaruv bo‘yicha ham kadrlar tayyorlash va ilmiy dasturlar yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
