CSIS: Urushda 325 ming rus, 140 ming ukrain harbiylari halok bo‘lgan
AQShdagi nufuzli tahlil markazi – CSIS (Center for Strategic and International Studies) Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda har ikki tomon ko‘rgan yo‘qotishlar bo‘yicha hisobot e’lon qildi.
CSIS baholashiga ko‘ra, 2022 yil fevral oyida boshlangan to‘liq ko‘lamli bosqindan buyon Rossiya Qurolli kuchlari jami 1,2 million nafargacha harbiyni yo‘qotgan. Shulardan 325 ming nafarga yaqini halok bo‘lgan.
Bu ko‘rsatkichlar Rossiya harbiy yo‘qotishlari bo‘yicha ochiq manbalarga tayangan holda hisob-kitob olib borayotgan bir qancha manbalar ma’lumotlariga yaqin. Ularning baholashicha, Rossiya tomonidan halok bo‘lganlar soni 254,8 mingdan 368,1 ming nafargacha bo‘lishi mumkin. Biroq bu raqamlarga Donesk va Lugansk qurolli tuzilmalari safida Ukrainaga qarshi janglarda halok bo‘lganlar ham kiritilsa, umumiy yo‘qotishlar soni yanada ortadi.
CSIS hisobotida yaralanganlar sonini aniqlash ancha qiyin ekani ta’kidlanadi. Sabab – yaralanish holatlari OAVda kam yoritiladi, shuningdek, ko‘plab yaralangan harbiylar davolanganidan so‘ng yana frontga qaytib, takroran jarohat olishmoqda.
«Ikkinchi jahon urushidan keyin hech bir yetakchi davlat bunday darajada katta yo‘qotishlarga duch kelmagan», – deyiladi CSIS hisobotida Rossiya yo‘qotishlari haqida.
Ukraina tomonidan esa, tahlil markazi hisobotiga ko‘ra, urushda Ukraina Qurolli kuchlari 500–600 ming nafargacha harbiyni yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Shulardan 100–140 ming nafari halok bo‘lgan deb baholanmoqda.
O‘z navbatida, CSIS hisobotiga Kreml munosabat bildirib, raqamlarga shubha bilan yondashishini ma’lum qildi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu ma’lumotlarni ishonchli deb hisoblamaslik kerakligini aytdi.
«Bunday hisobotlarni ishonchli ma’lumot sifatida qabul qilish mumkin emas. Yo‘qotishlar haqida axborot berish vakolati faqat Rossiya Mudofaa vazirligiga tegishli», – degan Peskov.
Ayni paytda Rossiya Mudofaa vazirligi urush davomidagi yo‘qotishlar bo‘yicha rasmiy raqamlarni e’lon qilmay kelmoqda.
