O‘zbekistonda go‘sht narxi inflyasiya ko‘rsatkichidan yuqori sur’atda qimmatlashmoqda
2025 yilda O‘zbekistonda suyaksiz mol go‘shtining qimmatlashishi yillik inflyasiyadan 3,3 barobarga, qo‘y go‘shtining qimmatlashishi esa 3,7 barobarga yuqori bo‘ldi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda go‘sht yetishtirishning o‘sishi sekinlashdi, mol go‘shti importi esa miqdor jihatdan 67 foizga, qiymat jihatdan 80,5 foizga ko‘paydi.
2026 yilning yanvar oyida ham narxlarning oshishi davom etyapti. Vazirlikka ko‘ra, 30 dekabr kuni Eski Juva dehqon bozorida 1 kg mol go‘shtining ulgurji minimal narxi 66 ming so‘mdan, maksimal narxi 100 ming so‘mdan, qo‘y go‘shtining ulgurji minimal narxi 70 ming so‘mdan, maksimal narxi 105 ming so‘mdan sotilgan. 30 yanvar holatida esa mol go‘shtining minimal narxi 70 ming so‘mgacha, maksimal narxi 103 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shtining minimal narxi 82 ming so‘mgacha, maksimal narxi 110 ming so‘mgacha qimmatlashgan. 2025 yilda suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, suyakli mol go‘shti 23,9 foizga, qo‘y go‘shti 26,8 foizga qimmatlashgandi.
Statistika qo‘mitasining rasmiy raqamlariga qaraydigan bo‘lsak, suyakli mol go‘shti narxining oshishi oxirgi yillarda quyidagicha bo‘lgan:
2017 yil – 35,9 foiz (umumiy inflyasiya – 14,4 foiz);
2018 yil – 26,9 foiz (umumiy inflyasiya – 14,3 foiz);
2019 yil – 26,6 foiz (umumiy inflyasiya – 15,2 foiz);
2020 yil – 21,1 foiz (umumiy inflyasiya – 11,1 foiz);
2021 yil – 10,4 foiz (umumiy inflyasiya – 9,98 foiz);
2022 yil – 9,8 foiz (umumiy inflyasiya – 12,3 foiz);
2023 yil – 9,3 foiz (umumiy inflyasiya – 8,8 foiz);
2024 yil – 13,3 foiz (umumiy inflyasiya – 9,8 foiz).
