BAA kompaniyasi Tramplar oilasining kripto biznesida katta ulushga ekani ma’lum bo‘ldi
BAA kompaniyasi Tramplar oilasining kripto biznesida katta ulushga ekani ma’lum bo‘ldi — The Wall Street Journal.
Donald Trampning AQSh prezidenti sifatidagi ikkinchi muddati boshlanishiga 4 kun qolganda, Birlashgan Arab Amirliklari bilan aloqador investisiya firmasi Tramplar oilasiga tegishli kriptovalyuta kompaniyasining 49 foiz ulushini 500 mln dollarga sotib olgan. Bu haqda The Wall Street Journal surishtiruvida so‘z boradi.
Gap kriptoaktivlar bilan shug‘ullanuvchi World Liberty Financial nomli venchur kompaniya haqida ketmoqda – bu kompaniyaga prezident Donald Tramp va uning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning oila a’zolari asos solgan. Uning salkam yarmini BAAga aloqador firmaga sotish haqidagi bitimni prezidentning o‘g‘li Erik Tramp imzolagan.
Tramplar oilasi va BAAga aloqador investorlar o‘rtasidagi biznes hamkorlik – prezident atrofidagi ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuviga oid yangi savollarni o‘rtaga chiqaryapti.
WSJ manbalarining so‘zlari va nashr o‘rgangan hujjatlarga ko‘ra, BAAning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi, mamlakatning suveren boylik jamg‘armasi raisi, qirollik oilasidan bo‘lmish Shayx Tahnun bin Zoid Ol Nahayonning vakillari kompaniyadagi ulush uchun oldindan to‘lov qilgan. Bunda 187 mln dollar Tramplar oilasiga qarashli korxonalarga, kamida 31 mln dollar esa Uitkofflar oilasi korxonalari hisobiga tushgan.
"Bayden ma’muriyati davrida Tahnunning SI chiplarini qo‘lga kiritishga urinishlari – bu nozik jihozlar Xitoyga uzatilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab rad etib kelingan. Xususan, bunday xavfsirashga asoslardan biri shunda ediki, Tahnunning SI bilan shug‘ullanuvchi G42 kompaniyasi Xitoyning sanksiya ostidagi Huawei va boshqa kompaniyalari bilan aloqa qilgan, shu sabab razvedka mulozimlari va qonunchilarda xavotir uyg‘otgan. Kompaniya 2023 yil oxirida Xitoy bilan aloqalarini uzganini aytgan bo‘lsa-da, xavotirlar saqlanib qolayotgan edi", deb yozadi Wall Street Journal.
2025 yil noyabr oyiga kelib, AQSh Savdo vazirligi Nvidia'ning eng zamonaviy SI chiplarini BAA kompaniyalariga eksport qilishga ruxsat bergan. Bu esa G42 kabi davlat bilan afillangan BAA kompaniyalariga Blackwell avlodidagi o‘n minglab chiplarni xavfsizlik va hisobdorlik shartlari asosida xarid qilishga yo‘l ochgan.
