O‘zbekistonda ko‘mir qazib olish hajmi 11 mln tonnaga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni ko‘mir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaqin istiqbolga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Ko‘mir ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, sohada raqobat muhitini kuchaytirish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan mavsumga nisbatan 1,3 million tonnaga ko‘pdir. Hozirgacha 9 million tonna ko‘mir qazib olindi, o‘sish 590 ming tonnani tashkil etdi. Keyingi mavsumda ishlab chiqarish hajmini 11 million tonnaga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Buning uchun Toshkent va Janubiy hududlarda joylashgan konlarni o‘zlashtirishni jadallashtirish, selektiv qazib olishni kengaytirish, autsorsing asosida qo‘shimcha ekskavator va texnikalar jalb qilish muhim ekani ta’kidlandi. Xususiy tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish orqali 2026 yilda qo‘shimcha 2,5 million tonna ko‘mir qazib chiqarish rejalashtirilgan.
Angrendagi Nishbosh ko‘mir konini o‘zlashtirish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Zaxiralarining hajmi 233 million tonna va qiymati qariyb 500 million dollarga baholanayotgan ushbu investisiya loyihasi doirasida 2026 yilda qazib olish ishlarini boshlash hamda 1 million tonna ko‘mir qazib chiqarish, kelgusida yillik quvvatni 10 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida 880 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Taqdimotda ko‘mirni chuqur qayta ishlash asosida yangi turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan loyiha ham ko‘rib chiqildi. “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan ko‘mirni kimyoviy qayta ishlash orqali polimer mahsulotlar olishni tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 5 milliard dollar bo‘lib, uning natijasida yiliga 8-9 million tonna ko‘mirni qayta ishlash va 1,18 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.
O‘tgan yili mamlakatimizda 7 ming tonna uran ishlab chiqarilib, aniqlangan zaxiralar esa 139 ming tonnaga yetdi.
Joriy yilda Arnasoy, G‘arbiy Qizilqoq, Janubiy Jongeldi, Sharqiy Ag‘ron konlarini o‘zlashtirishni boshlash rejalashtirilgan.
Xomashyo qazib olish hajmining ko‘payishi munosabati bilan uni qayta ishlash quvvatlarini ham oshirish zarurligi qayd etildi.
Uranni qayta ishlash quvvatlarini sulfat kislotasi hamda uni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan texnik oltingugurt bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari belgilab olindi.
Prezidentimiz ko‘mir va uran sanoatida rejalashtirilgan loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
