Fransiyada parlament saylovlari oldidan 50 dan ortiq nomzod hujumga uchradi

Fransiyada parlament saylovlari oldidan 50 dan ortiq nomzod hujumga uchradi

Fransiya hukumati saylovoldi tashviqoti paytida nomzodlar va tashviqotchilarga nisbatan 50 dan ortiq jismoniy zo‘ravonlik holatlarini qayd etdi. Bu haqda Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga asoslanib, CNN nashri xabar berdi.

Mamlakat ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin 5 iyul kuni maxsus bayonot e’lon qilgan. Unda Fransiyadagi oliy darajadagi parlament saylovlari oldidan siyosiy zo‘ravonliklar avj olayotganidan xavotir bildirilgan.

“Ushbu kampaniya qisqa, uch haftadan kam davom etdi. Ammo biz shu qisqa muddatda jismoniy tajovuzga uchragan 51 nafar nomzod, deputat yoki tashviqotchilarni sanab chiqdik. Men bu yerda ma’naviy tajovuzlarni hisobga olmayapman”, degan Darmanin CNN nashriga bergan intervyusida.

Nomzodlarga hujumlar yengil darajadan “o‘ta jiddiy” darajagacha bo‘lgan holatlarni o‘z ichiga oladi. Ichki ishlar vaziri ayrim tashviqotchilar olgan jarohatlari sabab kasalxonaga yotqizilganini ham qo‘shimcha qilgan.

Fransiya polisiyasi siyosiy vakillarga hujumlar uyushtirilishi yuzasidan 30 ga yaqin fuqaroni hibsga olgan. Ular ayni paytda so‘roq qilinayotgani ma’lum qilingan.

Fransiyada ayni paytda bo‘lg‘usi saylovlar oldidan nomzodlar o‘rtasida nihoyatda keskin kurash ketmoqda. So‘l va o‘ta o‘ngchi siyosiy firqalar bayonotlari ortidan mamlakatda tartibsizlik keltirib chiqarmasligi uchun mamlakat bo‘ylab qo‘shimcha 30 000 polisiya tayinlangan.

Parlamentda nisbatan ustun bo‘lgan o‘ta o‘ngchilarning g‘alabasi katta noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ikkinchi bosqichda o‘ta so‘l yoki o‘ng partiya katta farq bilan g‘alaba qozonsa, Fransiyada “fuqarolar urushi” boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!