Fojia! Sevgan qizini zo‘rlab, qo‘rqitib yurgan yigit qilmishi

Muhabbat insonning ko‘zini ko‘r qilib qo‘yadi, deyishadi. Shundanmi, aksariyat yoshlar bir-birining qusurlarini har doim ham ilg‘ashavermaydi.
Zahro (ism-shariflar o‘zgartirilgan) Sanjarga ko‘ngil qo‘ygandi. Sanjar esa… yaxshisi, voqeani o‘qib, bu haqda o‘zingiz xulosa chiqaring.
Bugun Zahro uyqudan bosinqirab uyg‘ondi. O‘rnidan turgach, yuz-qo‘lini yuvdi-da, nonushtaga o‘tirdi. U ko‘rgan tushini eslar ekan, ilohim, yaxshilikka bo‘lsin, deya o‘ziga taskin berib qo‘ydi.
Ammo ko‘nglidagi g‘ashlik bari bir tarqalmadi. Shu kun u kechga yaqin Sanjar bilan uchrashishi kerak. Buyog‘ini so‘rasangiz, ular bir oy muqaddam janjallashib qolishgan, bugun esa, Sanjar unga qo‘ng‘iroq qilib, gapi borligini, agar kelmasa, oqibati yomon bo‘lishini aytgandi.
Dunyoning ishlari qiziq, odam bolasi ertaga nima bo‘lishini bilmaydi. Agar Zahro o‘sha kuni Sanjarning yoniga bormaganida, balki boshiga bu kulfatlar tushmasdimi? Aksincha, Sanjar aytganidek, “oqibati yomon” emas, hammasi joy-joyida bo‘larmidi?
Biroq Zahro Sanjarning do‘q-po‘pisasidan qo‘rqib, uchrashuvga rozilik berdi. O‘ziga qolganida-ku ikki dunyodayam uning gapiga kirmasdi. Chunki Sanjar uni qattiq ranjitgan, qo‘pol munosabatda bo‘lib, so‘nggi paytlarda urib, haqoratlaydigan odat chiqargan edi.
Sanjar Zahroni doimo uchrashadigan joyda kutib oldi.
— Salom Zahro, yaxshimisan?
— Nega chaqirdingiz? Siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q!
Bunday qat’iyat va jur’atni kutmagan Sanjar do‘sti Halimning yonida dovdirab nima deyishini bilmay qoldi. Keyin o‘zini picha tutib oldi-da, Zahroga zahrini socha boshladi. Ular janjallashib ketishdi. Halim ularni tinchlantirishga urindi, ammo bundan biron-bir natija chiqmadi. Azbaroyi quturib ketgan Sanjar Zahroning boshiga uch-to‘rt marotaba mushti bilan urdi. Oqibatda, Zahro musht zarbidan hushini yo‘qotdi.
— Halim tez mashinani yurg‘iz, — deya baqirdi Sanjar.
Avtomashinani o‘t oldirgan Halim Sanjarga shoshilinch yuzlandi:
— Haydasang-chi!
— Qayerga hayday, — deb so‘radi butunlay esankirab qolgan Halim.
— Xohlagan tomonga.
Halim esa, dovdiray-dovdiray avtomashinani shahar chetidagi kimsasiz dala hovlilardan biri tomonga haydadi. Avtomashina to‘xtagach, Sanjar Zahroni ko‘tarib dala hovlining xonalaridan biriga olib kirdi-da, o‘zining qabih niyatini amalga oshirdi. So‘ng esa, suratga tushirdi. Zahro jon-jahdi bilan qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin, baribir Sanjarning changalidan qutula olmadi.
Oxir-oqibat esa, u Sanjarning qo‘lidan qanday chiqib ketgani va uyiga qanday alfozda yetib olganini o‘zi ham bilmaydi. Uyiga yetib kelgach, qo‘rqa-po‘sa yotog‘iga kirdi-da, o‘zini to‘shakka tashladi. Biroq ota-onasiga ro‘y bergan voqea haqida aytishga jur’ati yetmadi.
O‘sha damda u o‘zini sha’ni, qadr-qimmati va or-nomusi tahqirlanganidan o‘ta baxtsiz his etar, yuragi nafratu alamga to‘lib-toshgan, ko‘ziga dunyo qop-qorong‘i ko‘rinardi.
Oradan, chamasi, ikki oylar o‘tdi. Buni qarangki, Sanjar qabih qilmishidan uyalish, afsus-nadomat chekish o‘rniga battar tuban yo‘lga o‘tib oldi. Kunlardan birida ular ko‘chada tasodifan yana uchrashib qolishdi. Zahro undan qochishga urindi. Biroq Sanjarning ikki og‘iz so‘zidan so‘ng Zahro birdan bo‘shashib, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
— Nima deyapsan ablah, shunchasi kammidi, meni tiriklay ko‘masan-ku?! — dedi u alam bilan.
Sanjar esa, hech narsa bo‘lmagandek, sovuq irshayib turardi.
Zahroning kutilmaganda bunday holatga tushishiga o‘sha, behayo suratlar sabab bo‘lgandi. Sanjar uni Zahroga ko‘rsatib, “Agar aytganimni qilmasang, bu suratlarni bozorga plakat qilib yopishtirib chiqaman”, deya tahdid qilgandi.
Shundan so‘ng Zahro itoatkor qiyofada zo‘rg‘a pichirladi:
— Mendan nima istaysan?!..
— Hozir uyingdan ikki million so‘m olib chiqasan, — dedi Sanjar.
Butkul chorasiz qolgan Zahro pulni olib kelib, uning qo‘liga tutqazdi. Biroq bu bilan Sanjarning quturgan nafsi tinchimadi. Aksincha, u Zahroga har oyning oxirida bir yarim million so‘mdan berib turasan, deya shart qo‘ydi. Zahro buni eshitib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi va Sanjarga yalinib-yolvorishga tushdi:
— Axir, men buncha pulni qayerdan olaman?!
— Bo‘pti, men roziman, faqat ertaga suratlaring bozorda paydo bo‘ladi, — dedi Sanjar surbetlarcha.
Zahro ilojsiz qoldi.
Shu tariqa Zahro Sanjarga oyiga bir million so‘m berib turadigan bo‘ldi. Eng yomoni, har qanday qabihlikdan qaytmaydigan Sanjar o‘zi kamlik qilgandek, bu razolatga xotinini ham aralashtirdi.
Kunlarning birida Sanjarning xotini Salima Zahroga telefon qilib, 200 AQSh dollari zarurligini aytdi. Zahro buncha pulni topishning imkoni yo‘q ekanini aytganida, u qulog‘idagi ziragini sotishni maslahat berdi. Yana dag‘dag‘a, qo‘rqitish va tahdid iskanjasida qolgan Zahro ziragini sotishga majbur bo‘ldi.
Taajjublanarli tomoni shundaki, bunday qabihlik kam emas, ko‘p emas, roppa-rosa uch yil davom etdi. Sanjar va uning xotini Zahroning bor-yo‘g‘ini so‘rib oldi. Zahroning topgan puli, yiqqan bisoti nafs bandalari Sanjar va uning xotinining cho‘ntagiga oqib kiraverdi.
Zahro boshiga tushgan bu kulfatni ota-onasiga bildirmaslikka urinardi. Ammo uning beo‘xshov xatti-harakati, doimo qo‘rquv ichida yurishini ko‘rib, oila-a’zolari hushyor tortishdi.
Buning ustiga bir kun Sanjar yana Zahroga qo‘ng‘iroq qilganida, telefonni uning opasi Zuhra oldi. Sanjar uni Zahro deb o‘yladi, shekilli, masxaralab, ustidan kula boshladi. Tabiiyki, uning gaplariga Zuhra chidab turolmay qarg‘ashga tushdi. Sanjar esa, bunga javoban yana suratlar haqida gapirdi va go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Zuhra nima gap ekanini anglolmay butkul dovdirab qoldi va Zahroni qistovga oldi. Zahro esa, hammasini opasiga aytishga majbur bo‘ldi.
Shundan so‘ng ular huquqni muhofaza qiluvchi idoraga ariza bilan murojaat qilishdi.
Shu tariqa er-xotin Sanjar va Salimaning qilmishi to‘liq oshkor bo‘ldi.
Sud hukmi o‘qildi. Sanjar Usmonov Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanib, panjara ortidan joy oldi. Salimaning esa, ayolligi va voyaga yetmagan farzandlari borligi inobatga olinib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi.
Sanjar va Salimaning soddadil Zahroga o‘tkazgan zulm va zo‘ravonliklari barchamiz uchun saboq bo‘lishi darkor.
Ismatulla MAMANOV,
Toshkent viloyati ma’muriy sudining sudyasi
Manba: hudu24.uz