Putinning yangi nishoni - G‘arbiy Bolqon

G‘arbiy Bolqon yaqin kelajakda xaritadagi yangi mojarolar markaziga aylanishi mumkin. Kreml rahbari Vladimir Putin bu hududdan o‘z manfaatlari yo‘lida "o‘yin maydoni" sifatida foydalanishi ehtimoli bor, deb yozmoqda Politico.
"Evropa diqqati Ukrainaga qaratilgan bir paytda, G‘arbiy Bolqondagi vaziyat keskinlashib bormoqda. Mintaqa rahbarlari va Buyuk Britaniya Putin bu vaziyatdan foydalanib qolishidan xavotirda," deya ta’kidlamoqda nashr.
Buyuk Britaniya hukumatining yuqori lavozimdagi vakillari G‘arbiy Bolqonni "yana bir mojarolar markazi" deb baholamoqda. Vaziyat murakkablashgani bois, London Rossiya ta’siriga qarshi kurashish maqsadida mintaqadagi barcha davlatlarning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini qat’iy talab qilmoqda.
"Evropada urush davom etayotgan va Rossiya mintaqaga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan bir paytda, hali ham yechimini topmagan muammolar mavjud bo‘lgan G‘arbiy Bolqondan e’tiborni chalg‘itish nodonlik bo‘lardi," - dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Putinning Yevropaning bu qismidagi manfaati mintaqani beqaror holatda saqlab qolishdan iborat.
"G‘arbiy Bolqon mamlakatlarini doimo xavf ostida tutish, aholini beqarorlashtirish hamda kiber va gibrid urush olib borish uning manfaatlariga to‘g‘ri keladi," deya qo‘shimcha qildi diplomat.
Nashr fikrlarini keltirgan tashqi siyosat ekspertlari va vazirlar Kreml chuqur ildiz otgan etnik va diniy ziddiyatlardan foydalanib, Bolqonda yangi tartibsizliklarni keltirib chiqarishga, o‘z manfaatlarini mustahkamlashga va Yevropa Ittifoqi uchun yanada ko‘proq muammolar yaratishga urinishidan xavotirda.
"Hozir ular (G‘arbiy Bolqon) oldinga siljishi kerak, aks holda Rossiyaning o‘yin maydonchasi bo‘lib qolaveradi," dedi britaniyalik amaldorlardan biri.