Farishtalar hozir bo‘ladigan namoz

Farishtalar hozir bo‘ladigan namoz

Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘usigacha namozni mukammal ado qiling va tonggi o‘qishni (bomdod namozini) ham (ado qiling). Zero, tonggi o‘qish (farishtalar) hozir bo‘ladigan (namoz)dir (“Isro” surasi, 78-oyat).

Barcha mufassirlar bu oyat kundalik besh vaqt farz namozlarga ishora ekaniga ijmo qilishgan.

Ulamolar oyatdagi “og‘ish” (“duluk”) so‘zi tafsirida ikki xil fikr bildirishgan. Birinchisi quyoshning og‘ishi. Hazrat Umar, o‘g‘illari Abdulloh, Abu Hurayra, Ibn Abbos (roziyallohu anhum) va boshqa bir guruh tobein olimlar shu fikrii aytishgan.

Ikkinchisi kun botishi. Bu fikrni hazrat Ali, Ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhum) aytishgan. Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) oyatdagi bu kalimaning tafsirida bunday degan: “Jonim iznida bo‘lgan Zotga qasam, u (vaqt) ro‘zadorning og‘zini ochishi va (shom) namozi vaqtidir” (Tabariy).

Ibn Atiyya aytadi: «“Duluk” lug‘atda mayl, moyillik ma’nosini anglatadi. Uning boshi quyoshning og‘ishi, oxiri kun botishidir. Ya’ni, og‘ishdan to kun botgunigacha bo‘lgan vaqt “duluk” deyiladi. Chunki bu paytda quyosh (g‘arbga) moyil bo‘ladi. Bu vaqt ichida peshin, asr va shom namozlari o‘qiladi. To‘g‘rirog‘i, shom tun qorong‘usi tushishidir. Zero, “tun qorong‘usi” (“g‘osaqul layl”) iborasi qosh qoraygan, (qorong‘ulik cho‘kkan) vaqtga nisbatan qo‘llanadi. Bu vaqt oralig‘ida shom bilan xufton namozlari o‘qiladi».

“Qur’anal fajri” (“tonggi o‘qish”)dan murod bomdod namozi ekaniga mufassirlar ittifoq qilishgan. Bomdod namozining bunday nomlanishi haqida turli fikrlar bor.

Faxriddin Roziy oyat tafsirida bunday yozadi: “Bu oyat bomdod namozida boshqa namozlardan ko‘ra uzunroq qiroat qilishga targ‘ibdir. Shunga asosan, fuqaholar bomdod namozida uzunroq qiroat qilishni sunnat deyishgan”.

“Zero, tonggi o‘qish (farishtalar) hozir bo‘ladigan (namoz)dir”.

Imom Termiziy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu oyatni tafsir qilib: “Unga tungi va tonggi farishtalar guvoh bo‘ladi” deganlar». Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) naql qiladi: “Jamoat bilan o‘qilgan namoz fazilati yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma besh barobar ortiqdir. Tungi va tonggi farishtalar bomdod namozida to‘planishadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ko‘p olim bu oyat tafsirida bunday degan: “Kecha va kunduz farishtalari bomdod namozida imomning ortida turishadi. Jamoat bomdod namozini o‘qiyotganida, kecha farishtalari hali osmonga ko‘tarilmasdan kunduz farishtalari yer yuziga tushadi. Imom bomdod namozini tugatgach, kunduz farishtalari yerda qolishadi, kecha farishtalari osmonga ko‘tarilishadi. Ular: “Parvardigoro, bandalaring Senga ibodat qilayotganida ulardan ayrildik”, deyishadi. Kunduz farishtalari esa: “Ey Rabbimiz, bandalaring oldiga tushganimizda ular namoz o‘qiyotgan edi”, deyishadi. Alloh taolo u farishtalarga: “Guvoh bo‘ling, Men ularni kechirdim, gunohlaridan o‘tdim”, deb marhamat qiladi” (“Mafotihul g‘ayb”).

Oyatni yana bunday sharhlasa bo‘ladi: Tungi uyqudan so‘ng insonning fikru xayolida yomon o‘ylar qolmaydi, ular toza bo‘ladi. Poklanib, toza fikr, musaffo aql bilan uyg‘ongan odam kunni Alloh taologa ibodat (bomdod namozini o‘qish) bilan boshlasa, ongi va ko‘nglida pokiza va sof tuyg‘ular naqshlanadi. Buning samarasi o‘laroq, toat-ibodatga mayli ortadi, Yaratganga yaqinligi ortib, nafsoniy istaklari zaiflashadi. Bu hol tongda shirin uyqudan kechib, bomdodga turishni odatga aylantira olgan insonda ro‘y beradi.

Albatta, erta tongda uyg‘onish nafsga og‘ir keladi.

Demak, farishtalar Alloh taolo huzurida bizning foydamizga guvohlik berishini, eng muhimi, Rabbimizning mag‘firatiga erishishni istasak, barcha namozlar, ayniqsa, asr va bomdod namozlarini jamoat bilan ado etishga g‘ayrat qilishimiz zarur.

Manba’lar asosida Baxmal tumani «Baxmal» jome masjidi imom-xatibi

Mardonov SHUHRAT tayyorladi

Manba


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!