Etti kun davomida ota-onasini yelkasidan tushirmagan yigit qayerga yo‘l oldi?

Etti kun davomida ota-onasini yelkasidan tushirmagan yigit qayerga yo‘l oldi?

Bugun axborot asrida yashayapmiz. Televideniye, gazeta–jurnallar, internet  tarmoqlari orqali  turli-tuman xabarlar, foto suratlar, videolavhalardan voqifmiz.  Yaqinda internet tarmog‘ida   yurolmaydigan  keksa ota-onasini savatga solib, ikki yelkasiga osib,  Bangladeshga qochib ketayotgan   birmalik migrant yigitning suratini uchratib chuqur o‘yga toldim.   Etti kun davomida ota-onasini yelkasidan tushirmasdan ko‘tarib  ketayotgan yigitning oyog‘i yalang, usti yupun, ammo  qalbi, imoni butun edi.  Ota-onasiga tengsiz mehr va muhabbat ko‘rsatgan  bu yigitni ko‘rib, xayol oynasidan ko‘chalarimizda  tez-tez uchrab turadigan   yonidan o‘tganingizda  mung‘ayib qo‘llarini  sizga cho‘zib, sadaqa so‘rayotgan keksa otaxon va   onaxonlar o‘tdi.

Har gal odam gavjum  shahar markazida   qaddi bukilib,  usti yupun, ko‘zlarida mung bilan iymanib, qo‘llarini  cho‘zib turgan  ayolga pul uzatar ekanman,   yuragim   bir qalqib,   BU KIMNING ONASI?  degan savol xayolimdan o‘tadi.  Do‘kon yonidagi ovoz yozish studiyasida  esa sevimli hofizning  “ Sochlari  oq, xasta bo‘lsa ham, Orangizda Onam bo‘lsaydi...” degan  g‘amgin nolasi  baland  pardalarda yangrab,    yurakni battar ezadi. 

Tilanchilar   Yaratganga ham, bandasiga ham yoqmasligi aniq. Tilanchilik qilayotganlarga sadaqa berishni ham ko‘plar  xushlamaydi. Ammo  u -tilanchi emas, u –ONA! Muhtojlikdan   nonga cho‘zilgan qo‘llarni qaytara olmaymiz. Ayniqsa ular ota-onamizdek keksayib qolgan,  yordamga muhtoj insonlar bo‘lsa, ulardan muruvvatimizni darig‘ tutish insofdan emas. Yo‘q, yo‘q, bu  yerda tilanchilik noshukurlik  belgisi, deb  aslo ta’na qilolmaymiz. Bu maqolani ham  aslo bunday  ta’na bilan yozayotganimiz yo‘q. Aksincha, ota-onadek mo‘’tabar zotlarning keksayganda, mehnatga yaroqsiz bo‘lib qolganida bunday  achinarli holatga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik  maqsadida bu so‘zlarni yozishga jazm etdik.

Farzandini oq yuvib, oq taragan, butun umrini bolasiga bag‘ishlagan mushtipar onasini keksalikda  xo‘rlatib qo‘yish holatlari bizning millatimizga yot illat albatta.   To‘g‘ri, uyining to‘ridan  piru badavlat  volidasi va padari buzrukvoriga  joy bergan, mehri  bilan ularni ardoqlayotgan, qadrlayotgan  oqibatli farzandlar bisyor.  Hayotda to‘shakka mixlangan xasta ota-onasini bir necha yillar davomida  qo‘lida ko‘tarib, parvarish qilgan mehribon farzandlar  ham oz emas.  Ammo hayot chorrahalarida yuqoridagi kabi yordamga muhtoj, mehrga zor ota-onalarni tez-tez uchratayapmiz.  Ularning farzandlari nega  bu ko‘yga tashlab qo‘ydi ekan, degan  savollarga esa  javob topolmaymiz.

Bunday farzandlar Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”degan  ham qonuniy, ham vijdoniy asosni nahotki  unutgan bo‘lsalar?  

Yana bir og‘riqli masala. Keksayganimda holimdan xabar olsin deb, mol-mulkini farzandlariga  xatlab berib, o‘zi ko‘chada qolgan ota-onalar ham afsuski uchrab turadi.  To‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, hech qayerda ishlamay,   keksa ota-onasining yelkasiga “minib” olgani yetmaganidek,  do‘q-po‘pisa bilan   ularning oxirgi  pullarini ham tortib olayotgan nobakor o‘g‘il-qizlar ham yo‘q emas. Eng achinarlisi, ota-onasiga qo‘l ko‘tarayotgan  nonko‘r farzandlar borligini  aslo kechirib bo‘lmaydi.

Bu o‘tkinchi dunyoda    qishloqdagi ota-onasini yo‘llariga  intizor qilib, bir hol so‘rashga vaqt topolmaydigan  ayrim  toshbag‘ir farzandlar ular olamdan o‘tgandan so‘ng, shahardagi katta restoranlarda  otasi yoki onasiga aza     ziyofati uyushtirishi ham bizning qadriyatlarimizga yot narsa emasmi? Otangiz yoki onangizning  vafoti to‘ymidiki, unga    kazo-kazolarni taklif qilib osh berasiz? Undan ko‘ra, tirikligida  yo‘llaringizga nigoron bo‘lgan mo‘’tabar zotni yo‘qlab turish, unga oddiy bo‘lsa ham nimadir sovg‘a qilib quvontirish,  ko‘nglini ko‘tarib, rizo qilib, duosini olish farz emasmi?   

Sizga eng qimmatli narsani- hayot va oq sut bergan  Onangizni  muruvvat uyiga topshirayotganda vijdoningiz uyg‘oqmidi, ko‘zlaringiz ochiqmidi, deb so‘ragimiz keladi.  Ota –onangizni armonlarga topshirib qo‘yib, qanday bemalol yashashingiz, bemalol uxlashingiz mumkin ?  Axir onangiz, otangizning tomog‘idan sizsiz suv ham o‘tmagan kunlarni nahotki unutgan bo‘lsangiz.  To‘g‘ri, ular aslo nolimaydi, birovga shikoyat ham qilmaydi.   Shuning  uchun  ham bizda  ota-onasiga qaramagani uchun   jarima to‘lagan,  unga ozor yetkazgani uchun jazoga tortilgan  kimsani ko‘rmaysiz. Chunki, ota-onalar bolasidan hech qachon nolimaydigan, ularga yomonlikni ravo ko‘rmaydigan   xalqmiz, millatmiz.

Mabodo ular hech kimsiz,  yolg‘iz keksa bo‘lsa-chi? Axir unda qonunlarimizdagi “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” deyilgan  huquqiy asos nega ishlamayapti?

Chunki ba’zida  qo‘ltiqtayoqqa suyangan, bir qo‘li yoki bir oyog‘i yo‘q odamlar qarshingizda jovdirab turadi. Qishning qahratonlarida, yozning saratonlarida ularni ko‘rib rahmingiz keladi. To‘g‘ri, mamlakatimizda “Muruvvat” uylarida   himoyaga, yordamga muhtoj yolg‘izlarning ko‘pchiligi joylashtirilgan. Jismoniy imkoniyati cheklangan  fuqarolarga  barcha qulayliklarga ega bo‘lgan boshpana, turmush sharoitlarini  yaxshilashlari uchun yordamlar, uy-ro‘zg‘or va  ish anjomlarining berilishi  uzoq yillar o‘zlarini jamiyatdan ajralib qolgandek his qilib yashayotgan zamondoshlarimizning xonadoniga, ko‘ngliga yorug‘lik olib kirganligini bugun tan olish kerak. Lekin e’tiborimizdan chetda qolganlar ham borligini unutmaylik.

Demak, mahallalarda o‘zgalar mehriga, yordamiga muhtoj  yolg‘iz qariyalarni  aniqlash va ularning qarovsiz qolmaslik choralarini ko‘rish  zarur. Yurtimizda insonlarni rozi qilish, ularning o‘z hayotlaridan minnatdor bo‘lib yashashlarini ta’minlash uchun  Prezidentimiz  juda katta e’tibor  va alohida  g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganligiga barchamiz guvohmiz.  “Oila” markazlari, ichki ishlar idoralari bilan mahallalar, nuroniylar tashkilotlari hamkorligida bu muammoga yechim topilsa yaxshi bo‘lardi.  Chunki qonunlarimizda bularning barchasi  o‘z aksini topgan.

To‘g‘ri, mehr sotilmaydi. Hech bir davlatda, hech bir jamiyatda mehrning va qadrning bozori yo‘q. Mehrni yuraklarga o‘zimiz ekib, o‘zimiz ko‘kartiraylik. Qondan-qonga o‘tgan Ota mehri, jondan-jonga o‘tgan Ona mehri bizga ajdodlarimizdan qolgan qutlug‘ meros-ku. Shunday ulug‘ boylikni  nahotki yo‘qotayotgan bo‘lsak?

Har bir ishimizni vijdon ko‘zgusiga solib,  har  bir qilmishimizni  vijdon tarozusida o‘lchasak nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.   Shunda tilimizda, dilimizda   “Mehr va qadrning bozori bormi?” degan savol  takrorlanmasdi...

                                                                                    Marusa HOSILOVA,

                                                                                     jurnalist.

Manba: zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!