Eronda internet cheklandi
Eronda ommaviy norozilik namoyishlari sabab internet cheklandi.
Mamlakat hukumati iqtisodiy inqiroz va yuqori inflyasiya tufayli yuzaga kelgan hukumatga qarshi ommaviy namoyishlarga javoban internetga kirishni chekladi. Cloudflare internet monitoringi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shanba kuni Eronda internet-trafik qariyb uchdan bir qismga kamaygan, yakshanba tongida esa 15 foizga pasaygan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari keng ko‘lamli uzilishlar haqida xabar bermoqda.
Eron 2009, 2019 va 2022 yillardagi norozilik namoyishlari paytida, shuningdek o‘tgan yil iyun oyida Isroil bilan bo‘lgan “12 kunlik urush” chog‘ida ham internetni cheklagan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday cheklovlardan maqsad namoyishlarni uyushtirishni hamda noroziliklar paytida olingan foto va videolarni e’lon qilishni qiyinlashtirishdir.
Eronda ommaviy namoyishlar 28 dekabr kuni Tehronda boshlandi. Odamlar mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat va milliy valyuta rialning keskin qadrsizlanishiga qarshi norozilik aksiyalarini uyushtirishdi. Tadbirkorlar ham bu aksiyaga qo‘shilib, norozilik sifatida o‘z do‘konlarini yopib qo‘yishdi.
Namoyishchilar milliy valyuta kursidagi tebranishlarni jilovlash uchun hukumatning “zudlik bilan aralashuvi” haqidagi iqtisodiy talablar bilan birga, siyosiy talablarni ham ilgari surmoqda. Shuningdek, ular oyatulloh Xomanaiyning suratlarini yoqishmoqda. Aksiya ishtirokchilari “Diktatorga o‘lim!” va “Ozodlik” deb hayqirmoqda.
Mitinglar huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamoqda. Bundan tashqari, namoyishchilarga qarshi o‘qotar qurollar qo‘llanilayotgani xabar qilinmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon kamida 12 kishi, jumladan xavfsizlik kuchlari xodimlari ham halok bo‘lgan. Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy namoyishchilarning iqtisodiy talablari asosli ekanini tan olgan, biroq isyonchilarga nusbatan qattiqroq choralar ko‘rish zarurligini bildirgan.
