Erkinjon Turdimov: BOQIMANDA ODAMNING ARZINI ESHITMAYMAN!
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov navbatdagi sayyor qabulini Jomboy tumanida o‘tkazdi, deb yozmoqda Zarnews.uz. Xo‘sh, jomboyliklarni nimalar qiynayapti? Ular viloyat hokimiga arzini qay tartibda yetkazishdi? Umuman, bunday sayyor qabullar qanchalik naf beradi yoki bermoqda?
– Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilsagina, rivojlanamiz, hayotimiz farovon bo‘ladi, – dedi hokim. – Rahbarlarning pastga tushib ishlashi, odamlarning dardiga yuzaki qaramasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilishga tayyormiz. Niyatimiz, xalq bizdan rozi bo‘lsin. Sayyor qabuldan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu.
Sayyor qabulda prokuratura, IIB, boshqarmalar, korxona-tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
Murojaatlar eshitilgach, shu joyning o‘zida mas’ullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Anor Po‘latov, Sarichashma mahallasi: – Oltmish olti yoshdaman, umrim dehqonchilik bilan o‘tyapti. Mehnatdan qochmayman, yolg‘iz ayolim ikkimiz ayni paytda besh quti pilla parvarishlayapmiz. Ammo o‘tgan yili meni qattiqranjitishdi. 460 kilogramm qo‘shimcha toza pilla topshirdim. Menga 1200 so‘m pul chiqarishibdi (!). “Bu pulga xo‘rozqand olib yenglar”, dedim. Oriyatim keldi. Bundan tashqari, chorvachilik bilan shug‘ullanishni niyat qilib turibman. Shu masalada yordam so‘radim, rahbarlarga ma’qul keldi. Baraka topishsin, uvol ketgan pillamning puliniyam undirib beraman, deyishyapti.
Bahodir Davurov, Qang‘li mahallasi: – Yolg‘iz o‘g‘lim Jamshid o‘n yillar davomida bizdan olisda – Rossiyada ishladi. Ko‘p sog‘inardik. Ikki oycha oldin unga “Baliqchilik bilan shug‘ullanamiz, shu yerda mehnat qilasan”, deb taklif berdim. O‘g‘lim rozi bo‘ldi. Shundan so‘ng kredit olamiz, deb hujjat tayyorladik. Ammo ikki oy davomida bir muncha sarson bo‘ldik, ishni boshlashga o‘zimizda ham tajriba yetarli emasdi. Masalan, chavaq olib kelishda muammo bo‘layotgandi. Arzimizni eshitgan hokim bizga mas’ullarni biriktirdi. Xudoga shukur, shu yerning o‘zida masalamizga ijobiy yechim topildi. Nasib etsa, baliqchilik xo‘jaligini intensiv usulda tashkil etmoqchiman. Endi nafaqat o‘g‘lim yonimda bo‘ladi, bundan ortib, qishlog‘imizning uch-to‘rt yigitlarini ishli qilish niyatim bor.
Farog‘at Qarshiboyeva, Eski Jomboy mahallasi: – O‘g‘lim Obidjon Qarshiboyevga chap chanoq son bo‘g‘imi sili tashxisi qo‘yilgan. Endoprotez apparati olish uchun homiylik yordami ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Sadaf Rahmatullayeva, Samarqand mahallasi: Onaxon o‘ttiz yildan buyon O‘zbekistonda yashasada, mamlakat fuqaroligini ololmagan...
Suyundiq O‘tayev, Polvonariq mahallasi: - Turkman qishloqdagi transformator eskirib ketgan. Aholi ortgan, elektr energiyasida tez-tez uzilishlar bo‘lyapti...
Shunday muammolar borki, ularni yolg‘iz o‘zing hal qilolmaysan. Kishiga bog‘liqbo‘lmagan muammolar ham yetarlicha bo‘ladi. Ba’zan oilangda kimningdir sog‘lig‘i uchun rahbariyatga arz qilsang, ba’zan mahalla-ko‘y, xalqning yanada farovon yashashi uchun murojaat qilishga majbursan. Aslida bunday murojaatlarda ma’ni, maqsad bor. Demak, arz eshituvchi ham bu kabi murojaatlardan qanoat hosil qiladi, muammoga yechim izlash payida bo‘ladi.
To‘rt muchasi sog‘lom yigit: ...hovlimning devorini o‘rab bering, uyimni ta’mirlashda homiylik qiling.
Turmush o‘rtog‘i ham, o‘zi ham sog‘lom ayol: ...menga uy kerak. Bolalarim ko‘p.
HOKIM BUNDAY MUROJAATCHILAR BILAN MUROSA QILISHNI ISTAMADI. NEGA?
– Avvalo, Yaratgan oyoq-qo‘lingizni but qilib qo‘yibdimi, nega sizning hovlingizni kimdir borib o‘rab berishi kerak? – dedi Erkinjon Turdimov. – Nega ko‘changizdan o‘tgan ariqni qazib qo‘yishga yaramaysizu boshqalardanuyingizni ta’mirlab berishlarini so‘raysiz? Nega mehnat qilishdan qochasiz? Eng qo‘rqinchi odam – boqimanda odam. Bu toifalar na o‘ziga, na oilasiga, na jamiyatga naf keltiradi. Ishlashni istamaysizmi, aravangizni birovga torttirishga harakat qilmang. El qatori ishlang, birovdan yordam so‘rashga uyaling. Har doim mehnat qilgan – yaxshi yashaydi. Men shaxsan bunday murojaatlarni qanoatlantirmayman. Ishlayman desangiz, marhamat!
