Erdo‘g‘on Baydenga prezidentlik saylovida omad tiladi
Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va AQSh prezidenti Jo Bayden Vilnyusdagi NATO sammitining birinchi kunida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv 1 soat 15 daqiqa davom etgan.
"Rahbarlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qildilar, strategik mexanizmdagi muhokamalarning so‘nggi bosqichini olqishladilar hamda mudofaa va iqtisodiy ustuvorliklar yuzasidan fikr almashdilar”, — deyiladi Oq uy matbuot xizmati xabarida.
Ta’kidlanishicha, ular, shuningdek, umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan mintaqaviy masalalar, jumladan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va Egey dengizida barqarorlikni saqlashni ham muhokama qilgan.
O‘z navbatida, “Anadolu” agentligining xabar berishicha, Turkiya prezidenti AQSh rahbari bilan uchrashishdan oldin “AQSh bilan davlat rahbarlari darajasida maslahatlashuvlar o‘tkazish vaqti kelganini” aytgan.
"Bugun men NATO maydonlarida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvni bu yo‘nalishdagi birinchi qadam deb bilaman. Oldingi uchrashuvlarimiz qandaydir iliqlik baxsh etgan edi, endi esa biz yangi jarayonni boshlayapmiz", — deb qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘on.
U shuningdek, Baydenga qayta saylanishida muvaffaqiyat tiladi.
