Er yuzida yovvoyi hayvonlar soni 50 yilda 73 foizga kamaydi
Er yuzida yovvoyi hayvonlar sonining «halokatli qisqarishi» kuzatilmoqda. Butunjahon yovvoyi tabiat fondi (WWF) tomonidan taqdim etilgan Living Planet 2024 hisobotiga ko‘ra, so‘nggi 50 yil ichida ularning populyasiyasi o‘rtacha 73 foizga kamaydi.
Hisobot 5500 ga yaqin amfibiyalar, qushlar, baliqlar, sutemizuvchilar va sudraluvchilarning 35 ming populyasiyasi kuzatuvlariga asoslangan. Xususan, chuchuk suv havzalari jonzotlari eng ko‘p zarar ko‘rgan, ularning soni 1970 va 2020 yillar orasida 85 foizga kamaygan. Keyingi o‘rinlarda amfibiyalar (69 foiz) va dengiz populyasiyalari (59 foiz) turadi.
Yovvoyi hayvonlar populyasiyasi Lotin Amerikasi va Karib havzasida yarim asrda eng ko‘p — 95 foizga kamaygan. Afrika va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida bu ko‘rsatkich mos ravishda 76 foiz va 60 foizni tashkil etgan.
Evropa va Markaziy Osiyoda pasayish 35 foizni, Shimoliy Amerikada esa 39 foizni tashkil etgan, biroq hisobot mualliflarining aytishicha, buning sababi u yerdagi yovvoyi tabiatga katta ta’sirlar 1970 yildan oldin sodir bo‘lgan.
Hujjatda aytilishicha, har bir mintaqadagi yovvoyi tabiat uchun eng katta tahdid insonning oziq-ovqat tizimi tufayli tanazzulga uchrashi va yashash joylarining yo‘qolishidir. Ulardan keyin haddan tashqari ekspluatasiya, invaziv turlar va kasalliklar turadi. Boshqa tahdidlarga esa iqlim o‘zgarishi va ifloslanish kiradi.
Mualliflarning ta’kidlashicha, tabiat jadal sur’atlarda yo‘qolib bormoqda va dunyo qaytmas nuqtalarga yaqinlashayotganini ko‘rsatmoqda. Bu nuqtalar butun insoniyat va ko‘plab turlar uchun jiddiy xavf tug‘dirib, Yerning hayot ta’minlash tizimlariga zarar yetkazishi, shuningdek, global miqyosda izdan chiqarishi mumkin. Ular ushbu tezlashuvni ogohlantirish sifatida baholab, tabiatni saqlash uchun keskin choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlashmoqda.
Hisobotda qayd etilishicha, global miqyosdagi qaytmas nuqtalardan biri bu marjon riflarining halok bo‘lishidir. Marjon riflarining yo‘qolishi nafaqat baliqchilikni yo‘q qiladi, balki millionlab odamlar yashayotgan sohillarni to‘lqinli bo‘ronlardan himoya qilish imkoniyatidan mahrum etadi. Bu aholi joylashgan sohillar yanada zaiflashishi va iqtisodiy hamda ekologik jabhalarda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.