Eron bilan «raketa tennisi» Isroilning zaifligini ko‘rsatdi
Tehronning yaqinda amalga oshirgan raketa hujumi tahlili shuni ko‘rsatadiki, Isroilning raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi engib bo‘lmas darajada emas. Isroil tuyulganidan ko‘ra himoyasizroq, deb yozadi Britaniyaning The Guardian gazetasi muxbiri Endryu Rot.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarda Eron raketalari birin-ketin Negev cho‘lidagi Nevatim havo bazasiga kelib urilgani va ikkinchi darajali portlashlarga sabab bo‘lgani qayd etilgan.
Bu shuni ko‘rsatadiki, Isroilning «Temir gumbaz» va «O‘q» havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining yuqori samaradorligiga qaramay, Eronning zarbalari ilgari tan olinganidan ko‘ra muvaffaqiyatliroq bo‘lgan.
Kadrlarni tahlil qilgan mutaxassislar aviabazada kamida 32 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbalarni qayd etgan.
Bunday zarbalar Bazan guruhining neftni qayta ishlash zavodlari kabi qimmatli nishonlarga qarata o‘qqa tutilsa, halokatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin, bu esa ekologik falokatga olib kelishi mumkin.
«Asosiy fakt shuki, Eron istasa Isroilga jiddiy zarba bera olishini isbotlagan», - deydi CNA Research Group tahlilchisi Dekker Eveleth.
Uning qo‘shimcha qilishicha, havo bazalari qiyin nishonlar bo‘lib, ko‘p qurbonlar keltirmaydi.
Biroq, Eron boshqa nishonni tanlashi mumkin, masalan, zich joylashgan Isroil quruqlikdagi kuchlari bazasi yoki turar-joy hududidagi ob’ekt va unga raketa hujumi sezilarli miqdordagi qurbonlarga olib kelishi mumkin.
Isroil uchun yana bir muammo - Eron bilan uzoq davom etgan o‘zaro zarbalarning iqtisodiy oqibatlari. Isroilning havo hujumidan mudofaa ta’minoti qimmat va cheklangan, bu esa mojaro davom etar ekan, mamlakatni Eron zarbalariga nisbatan himoyasiz holga keltirishi mumkin.
«Isroil Eronga zarba berishga tayyorligini allaqachon oshkora tasdiqlaganini inobatga olsak, bu raketa almashinuvining oxirgi marta sodir bo‘lishi dargumon», - deya xulosa qiladi Evelet.
U Eron bilan ziddiyat uzaytirilsa, bunday raketa almashinuvi uzoq muddatda Isroil uchun barqaror bo‘lmasligi mumkinligi haqida ogohlantirdi.