Putinga ko‘proq askar kerak, lekin safarbarlik xohlamaydi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin armiyada jonli kuch yetishmasligi bilan bog‘liq jiddiy muammoga duch keldi. Endi Rossiya ham, Ukraina ham jangovar harakatlarni davom ettirish uchun yangi resurslarni izlashga majbur va mojaroni tugatish istiqbollari noaniq bo‘lib qolmoqda, deb yozadi Newsweek.
2022 yil fevral oyidan beri Rossiya 665 mingdan ortiq yo‘qotishga uchradi, xususan, bir kun ichida mingdan ortiq rossiyalik harbiy halok bo‘ldi yoki yaralandi. Moskva o‘z yo‘qotishlari haqida batafsil ma’lumot bermasa-da, Rossiya tomoni muntazam ravishda ko‘plab halok bo‘lgan va yaralangan ukrainaliklar haqida xabar beradi - har kuni mingdan ortiq.
Jang maydonidagi qurbonlar haqidagi aniq ma’lumotlarni tekshirish qiyin. Biroq Britaniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning yo‘qotishlari 648 mingga yaqinlashmoqda. Buyuk Britaniyaning Geostrategik markazi ilmiy xodimi Uilyam Frirning ta’kidlashicha, Rossiya ham, Ukraina ham inson resurslari tanqisligiga duch kelmoqda.
Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyida Rossiya bir oy ichida eng ko‘p yo‘qotishlar ko‘rgan va qishga qaramay, qurbonlar sonining o‘sish tendensiyasi yil oxirigacha davom etadi.
Urush davom etar ekan, Rossiya qo‘shinlarni to‘ldirishning yangi usullarini izlashga majbur bo‘ldi. Kreml armiyaga ixtiyoriy ravishda kirishni yanada jozibador qilishga umid qilmoqda, ammo Ukrainaga chaqiriluvchilarni yuborish yoki safarbarlikning yangi to‘lqinini e’lon qilish kabi ommabop bo‘lmagan variantlarga ham ega.
Rossiya harbiylarni yollash uchun bir nechta manbalardan foydalanadi. Bular muntazam chaqiriluvchilar, shartnomachilar, zaxiradagilar, shuningdek, "Vagner" guruhi jangchilari kabi yollanma askarlar va yuqori maosh va fuqarolik evaziga urushga qo‘shiladigan xorijliklardir.
Safarbarlik Putin uchun nozik masala bo‘lib qolmoqda. Kuzgi chaqiruv paytida 133 ming yangi askar qabul qilingani e’lon qilinganiga qaramay, chaqiruv yoshidagi erkaklarning katta qismi xizmatdan qochish uchun mamlakatni tark etdi. O‘tgan yili Kreml chaqiruv qog‘ozlarini elektron tarzda yuborish imkonini beruvchi yangi qoidalarni joriy qildi, bu esa chaqiruvdan bo‘yin tovlashga qarshi kurashishga yordam beradi.