Endilikda 1 kunda faqat 1 ta bankdan onlayn kredit olishga ruxsat etiladi
Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3759, 21.01.2026 y.).
Unga ko‘ra, kredit tashkiloti frod holati natijasida nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilgan fuqaroga, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga asosan jabrlanuvchi deb e’tirof etilganda, mazkur onlayn kredit va u bilan bog‘liq foizlarni hisoblashni hamda undan undirishni to‘xtatadi.
Nizomga ko‘ra, onlayn kredit olish uchun ariza berilganda, kredit tashkiloti avvalo foydalanuvchi ma’lumotlarini Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reestrida tekshiradi.
Agar foydalanuvchi ma’lumotlari reestrda topilmasa, onlayn kredit berish jarayoni davom ettiriladi.
Agar bir JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkilotlari so‘rov yuborsa, kredit byurosi faqat birinchi bo‘lib yuborilgan so‘rovga javob beradi.
Birinchi so‘rov yuborgan kredit tashkiloti ushbu JSHSHIR bo‘yicha onlayn kredit rasmiylashtirilganligini ma’lum qilsa, kredit byurolari mazkur JSHSHIR bo‘yicha boshqa kredit tashkilotlariga 24 soat davomida so‘rov qabul qilinmasligi to‘g‘risida ma’lumot beradi.
