Endi talabalar haq to‘lanadigan malaka amaliyotini o‘tashlari mumkin bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining haq to‘lanadigan malaka amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, ularni kasbiy faoliyatga tayyorlash darajasi va sifatini oshirish, shuningdek, amaliyot o‘tash davrida qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida tashkil etiladigan qisqa muddatli maqsadli ishlab chiqarish amaliyotlari “haq to‘lanadigan amaliyot” mexanizmi asosida tashkil etiladi.
Qaror bilan Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, Haq to‘lanadigan amaliyot tanlov asosida tashkil etiladi.
Tanlovda ishtirok etish tartibi va shartlari, shuningdek, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish va amaliyotga rahbarlik qilish, amaliyot bo‘yicha mehnat munosabatlarini belgilash va moliyalashtirish hamda monitoringini yuritish belgilab berilgan.
Vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, o‘z ichki ehtiyojlaridan kelib chiqib, yillik rejaga asosan:
oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim shaklidan qat’i nazar, talabalarning tegishli ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotlari tarmoq (soha)ning muayyan tashkilotlari va korxonalarida shartnoma asosida tizimli ravishda o‘tkazilishini hamda ishlab chiqarish amaliyotining reja jadvali va dasturlari to‘liq hajmda bajarilishini ta’minlaydi.
Ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash davrida talabalarga amaliyotchi maqomi beriladi va ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, ular mavjud bo‘sh ish o‘rinlari (davlat organi boshqaruv lavozimlari bundan mustasno) hisobiga vaqtincha ish bilan ta’minlanadi.
Bu davrda amaliyotchi talabalarga ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, yetarli shart-sharoitlar (shaxsiy himoya vositalari, maxsus ovqat va boshqalar) hamda shartnoma asosida byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan zarur hollarda talabalar yashashi uchun vaqtincha turar joylar bilan ta’minlash va qabul qiluvchi tashkilotdan tayinlangan amaliyot rahbarlarini mehnat qonunchiligiga muvofiq moddiy rag‘batlantirish mumkin bo‘ladi.
Talabalar mehnatiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
