Elektr va metropoliten poyezdlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda

Bugun dunyo bozoriga yangi yo‘llar ochish, mamlakatimizni boshqa mintaqalar bilan bog‘laydigan zamonaviy transport kommunikasiyalarini barpo etish eng muhim maqsadlardan biriga aylangan.
Yurtimiz magistral temir yo‘l tarmoqlari sharq va g‘arb, janub va shimolni birlashtiradigan kattta transport kommunikasiya va tranzit salohiyatiga ega. Shuning uchun mazkur soha iqtisodiyotimizning qon tomiri, xalqaro bozorlarni zabt etishda muhim vosita hisoblanadi.
Qolaversa, mamlakatimizning barcha hududlari yagona temir yo‘l tarmog‘i orqali birlashtirilib, mavjud mineral xomashyo va tabiiy resurslarni o‘zlashtirish, shuningdek, yo‘lovchilarni tashishda keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Tarmoqning sanoat korxonalarida esa o‘nlab turdagi maxsus vagonlar, eng zamonaviy yo‘lovchi tashish vagonlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholining talab va ehtiyoji, poytaxtimizning kelgusida rivojlanishini inobatga olgan holda, yer usti xalqa metrosi va zamonaviy ko‘priklar qurilyapti.
Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning temir yo‘l tizimidagi yirik ishlab chiqarish korxonasi – Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodiga tashrifi ham bejiz emas.
Mamlakatimiz temir yo‘l transporti timzimida yangi yo‘nalishlar bunyod etilib, qo‘shimcha qatnovlar soni ko‘payishi o‘z-o‘zidan yo‘lovchi vagonlarga talab va ehtiyoj yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda. Yurtimizda aholi sonining tobora oshib borayotgani yo‘lovchi tashish sohasini rivojlantirish, qo‘shimcha qatnovlarni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy qulaylik yaratishni taqozo etadi.
Davlatimiz rahbari ushbu korxona ish jarayonini ko‘zdan kechirib, muhandis xodimlar bilan muloqot qildi. Ushbu yirik quvvatda dastlab yo‘lovchi vagonlarni davriy ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Keyinchalik zavod mutaxassislari yangi yo‘lovchi vagonlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi.
Zufar NARZULLAYEV, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi:
– Yurib turgan elektropoyezdlar 18 metr edi, ularni 22 metrga kengaytirib, yuvinish xonalari tashkil etildi, shuningdek, qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. O‘zbekiston bo‘ylab Xovos va Bo‘stonliqqa yuradigan sakkiz dona elektropoyezdimiz bor.
Zavodimizda yiliga 50 tagacha vagon ishlab chiqarilardi. Prezidentimiz korxonamizga tashrifi davomida 100 ta vagon ishlab chiqarishni topshiriq qilib berdi. Buning uchun uch smenada ish tashkil qilinadi. Eng asosiysi, mahsulotimiz bozori bor, shaxsan yurtboshimizning o‘zlari yo‘nalishlarni belgilab beryaptilar.
Vagonlarimizni “O‘zbekiston temir yo‘llari” sotib oladi. Bundan tashqari, zavodning o‘zida qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi.
2024 yil zavodda 322 yo‘lovchi vagonni ta’mirlash, 31 yangi yo‘lovchi vagonni qo‘rish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Qozog‘iston temir yo‘llari” bilan tuzilgan shartnomalar asosida 15 ta kupe turidagi vagonni kapital ta’mirlash, yangi rusumdagi avtomobillar tashishga mo‘ljallangan maxsus garaj vagoni hamda ikkita yangi yo‘lovchi plaskart vagonlarini ishlab chiqarishni ko‘zlaganmiz.
Bundan tashqari, Navoiy kon-metallurgiya kambinati uchun yangi 15 ta maxsus vagon qurish hamda yo‘lovchi tashish xo‘jaligiga keng kupeli, zamonaviy yotoqlar bilan jihozlangan, yangi yo‘lovchi vagonlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbariga zavodda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi yo‘nalish, elektr va metropoliten poyezdlari loyihasi taqdimot qilindi. Qayd etish kerak, ushbu loyiha mintaqamizda ilk elektro va metropoyezdlar ishlab chiqarilishiga asos bo‘ladi.
Shuningdek, Toshkent – Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladigan tezyurar poyezd haqida ham axborot berildi. Prezidentimiz bu haqda 2022 yilda Xorazmda Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilish marosimida aytgan edi. Bu uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi mo‘ljallangan. 7 vagonga ega elektropoyezd 351 ta o‘rindiqqa ega bo‘ladi. Soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi.
Rustam RAHIMOV, Toshkent davlat transport universiteti kafedra mudiri, taqdimotchi:
– Birinchi bosqichda mahalliy – viloyat ichidagi aholi uchun mo‘ljallangan elektropoyezdlarni taqdim qilmoqchimiz. Tezligi 120 kilometr, o‘rindiqlar soni 306 ta. Keyingi bosqichda esa shaharlararo elektropoyezdini tashkillashtirishni reja qilyapmiz. Bunda aerodinamikani inobatga olgan holda, tezligi yuqori bo‘lganda, hattoki havo qarshiligini yengish uchun energiya sarflamaslik harakatini boshlaganmiz.
Barcha ilmiy yondashuvlar transport universiteti professor o‘qituvchilari, amaliy va ishlab chiqarish jarayonlari esa ushbu zavod konstruktor-texnologlari tomonidan amalga oshirilyapti. Shu bilan birga asosiy vazifalardan biri – yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va ularning sig‘imi. Taklif qilayotgan yangi elektropoyezdlarda yo‘lovchilar sig‘imini maksimal darajada oshirish choralari ko‘riladi.
Bilamiz, metroga talab yildan-yilga oshib bormoqda. Taqdimot davomida yo‘lovchilar sig‘imini inobatga olib, yangi texnik yechimlar xususida ma’lumot berdik.
Ishlab chiqarish tamoyiliga o‘tsak, birinchi bosqichda 40-45 foiz mahalliy xomashyodan foydalangan holda, zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishiladi. Keyinchalik mahalliylashtirish foizini, albatta, ko‘tarib boramiz.