El-Fasherdagi falokat davom etmoqda
Sudanning g‘arbida joylashgan va Shimoliy Darfur viloyatining ma’muriy markazi bo‘lgan El-Fasher shahri Tezkor reaksiyaga javob beruvchi kuchlar (TRK) nazoratiga o‘tganidan buyon bir oydirki, to‘xtamasa davom etayotgan falokat sharoitida yashamoqda.
TRK nazorat o‘rnatganidan so‘ng, o‘n minglab odamlar qo‘rquvdan o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi, bu esa mintaqadagi og‘ir gumanitar vaziyatni yanada keskinlashtirdi.
🇺🇳 BMT ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy mojarolardan avval El-Fasher aholisi 260–300 ming kishi atrofida bo‘lgan. Hozir esa minglab odamlar bedarak yo‘qolgan yoki hibsga olingan hisoblanadi.
26-oktyabr kuni, 2024-yilning may oyidan beri qamalda turgan El-Fasher to‘liq TRK nazoratiga o‘tdi. 18 oylik qamal davomida yuz minglab odamlar to‘liq qamalda qoldi, oziq-ovqat va dori-darmon zaxiralari tugadi, aholi tirik qolish uchun hatto hayvonlar uchun mo‘ljallangan ozuqaga suyangan holda yashashga majbur bo‘ldi.
Garchi janglar ovozi susaygan bo‘lsa-da, hayot odatdagi holatiga qaytmadi. Shaharda qolganlar ichimlik suvi tanqisligi, elektr energiyasining yo‘qligi va tibbiy yordam olish imkoniyatining butunlay mavjud emasligi bilan yuzma-yuz qolmoqda.
Shaharda vaziyat hanuz beqaror, aloqa vositalari deyarli ishlamaydi, kommunal xizmatlar mavjud emas, sog‘liqni saqlash tizimi butkul vayron bo‘lgan. Kun sayin tobora ko‘proq odamlar shahardan qochishga majbur bo‘lmoqda. Guvohlarning aytishicha, shahar deyarli butunlay bo‘shab qolgan, hayot belgilarini uchratib bo‘lmaydi, bozorlar va do‘konlar to‘liq yopilgan.
26-oktyabr kuni shahar qo‘lga olingach, “Tezkor reaksiyaga javob beruvchi kuchlar” (TRK) jangchilari tinch aholini otib tashlagani, yuk mashinalari bilan bosib ketgani hamda qochishga uringan odamlarga dronlar orqali hujum qilgani haqida xabarlar mavjud.
2023-yil 15-apreldan beri Sudan armiyasi va TRK o‘rtasidagi shiddatli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Mojaro natijasida 14 milliondan ortiq odam o‘z uylarini tark etib, mamlakat ichida ko‘chirilgan yoki chet elga qochqin sifatida chiqib ketgan.
Sudan armiyasi poytaxt Xartum va markaziy hududlarni nazorat qilsa, TRK kuchlari mamlakatning g‘arbiy qismida jamlangan.
