Ektor Kuper: “Kimnidir yig‘inga chaqirmasam, o‘sha futbolchi qaytib terma jamoada o‘ynamaydi, degani emas”

Ektor Kuper: “Kimnidir yig‘inga chaqirmasam, o‘sha futbolchi qaytib terma jamoada o‘ynamaydi, degani emas”

O‘zbekiston va Qatar milliy terma jamoalari bosh murabbiylari va yetakchi futbolchilari o‘rtasida matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Xabaringiz bor, ertaga poytaxtimizdagi “Milliy” stadionda FIFAning kunlaridan foydalangan holda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatar milliy termasi bilan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bir necha daqiqa oldin har ikkala terma jamoa bosh murabbiylari va yetakchi o‘yinchilari ishtirokida mazkur o‘yinga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

 

Anjumanning birinchi qismida mamlakatimiz bosh jamoasining ustoziga Odil Hamrobekov hamrohlik qildi. Ektor Kuper so‘z olar ekan, Qatarga qarshi o‘yindan ko‘zlangan asosiy maqsad KXDRga qarshi o‘yindagi tartibli himoyani yanada takomillashtirish, yangi futbolchilarning ayrimlarini sinovdan o‘tkazish ekanligini ta’kidladi.

2f39f0ca-8306-447a-b06b-629a10004f7e.jpg

 

“Raqiblar o‘yinini tahlil qilib boryapmiz. Kelasi o‘yinlarda o‘z mutaxassislarimizni raqib o‘yinlarini o‘rganish uchun yuborishni niyat qilganmiz. Biz birinchi o‘rinda raqibga qarab moslashishni emas, balki o‘z o‘yin uslubimizni yaratishga harakat qilamiz.

 

Hech bir o‘yinchiga terma jamoada joy kafolatlanmagan. Men kimnidir termaga chaqirsam yoki chaqirmasam bu haqda batafsil ma’lumot berishni istamayman. Kimnidir yig‘inga chaqirmasam o‘sha futbolchi qaytib terma jamoada o‘ynamaydi, degani emas. Aytaylik, Vitaliy Denisov jarohati borligi sabab bu gal yig‘inga taklif etmadik. Terma jamoaning o‘yini uning yuzidir. Biz o‘z yuzimizni yaratish harakatidamiz. O‘yinlar davomida ko‘plab taktikalarni sinab ko‘ramiz. Bizda albatta zaxira o‘yin uslublari bor. Keyinga o‘yinlar natijasiga qarab boshqa futbolchilarni ham sinab ko‘ramiz. Keyingi yig‘inimiz bir oydan keyin tashkil etiladi. Umid qilamanki keyingi yig‘inga ham futbolchilar yaxshi formada qaytib kelishadi”, dedi argentinalik mutaxassis.

 

Jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Odil Hamrobekov ham o‘z fikrlarini bildirdi: "Milliy" stadionining maydonini yomon deb ayta olmayman. Bu maydonda ko‘plab o‘yinlar o‘tkazilayotgani sabab ideal holatda emas. Lekin bu bizning yaxshi o‘ynamasligimiz uchun bahona bo‘la olmaydi. Ertaga faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz”.

 

Matbuot anjumanining ikkinchi qismida Qatar terma jamoasi bosh murabbiyi Feliks Sanchez Bas hamda futbolchi Muhammad Albakri ishtirok etishdi.

 

Sanchez Basning aytishicha, ertangi uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad chiroyli o‘yin namoyish etish va imkon qadar o‘zlarini qanoatlantiradigan natijani qo‘lga kiritish. 

 

deedc544-921d-444a-8300-8a38255f355c.jpg“Biz doimo himoyada ham, hujumda ham muvozanatni ushlashga harakat qilamiz. Ekvadorga qarshi o‘yindan so‘ng ayrim o‘yinchilarga dam berishga qaror qildik. Ular biz uchun muhim o‘yinchilar. Ularni Osiyo Chempionlar ligasida ham muhim o‘yinlar kutib turibdi. Bizda ularni o‘rnini bosa oladigan o‘yinchilar borligi uchun ham ularni bu yerga olib kelmadik. Men bu terma jamoada anchadan beri ishlayapman. Qatarda meni barcha narsa qoniqtiradi. Ertangi erishilajak ijobiy natija ham faoliyatimning bir maromda davom etishiga ta’sirini ko‘rsatadi”, dedi bosh murabbiy.

 

Futbolchi Muhammad Albakri O‘zbekiston termasiga qarshi uchrashuvga ko‘p tayyorgarlik ko‘rganligini, ertangi o‘yin qiyin kechishini ta’kidlab o‘tdi. “Qatarda avlodlar almashinuvi yuz bermoqda. Jamoamizga mukammallikka erishish uchun ozgina vaqt kerak va tez orada siz Qatarning haqiqiy kuchini ko‘rasiz”, deya so‘zini tamomladi Muhammad Albakri.

O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!