Ekspertiza jarayoni ishtirokchilari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlar joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Joriy yilda mamlakatimiz hududlari va iqtisodiyot tarmoqlariga 50 milliard dollardan ziyod investisiya jalb qilish, ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlari qurilishiga 24 trillion so‘m byudjet mablag‘larini yo‘naltirish, shuningdek, davlat xaridlari doirasida 300 trillion so‘mdan ziyod tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish rejalashtirilgan. Bunday katta hajmdagi loyihalarni amalga oshirishda ularni ekspertizadan o‘tkazish tizimining tezkor va sifatli ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, amaldagi tartib mazkur talablarga to‘liq javob bermayotgani, tadbirkor va investorlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Jumladan, o‘tgan yili ekspertizaga kelib tushgan 7 ming 750 ta hujjatning bir qismi uzoq muddatlarda ko‘rib chiqilgan. Ayrim hollarda loyihalar ahamiyati katta bo‘lmagan kamchiliklar sabab bir necha marta qayta ishlashga yuborilgan.
Shu bois, Prezident farmoni bilan Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi yangi tuzilgan Sanoat kooperasiyasi va davlat xaridlari agentligiga o‘tkazildi va uning faoliyatini transformasiya qilish vazifalari belgilab berildi.
Taqdimotda sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Markaz faoliyati raqamlashmagani va xavf-tahlil yondashuvining yo‘qligi uchun bitta xodimga to‘g‘ri keladigan operasion yuklama ortib ketgani qayd etildi. Markazda 130 nafar xodim ishlasa-da, xavfi past va strategik ahamiyatli loyihalar bir-biridan ajratilmagani uchun har bir xodimga ikki kunda o‘rtacha bitta loyiha to‘g‘ri kelmoqda.
Ekspertizaga kelib tushayotgan hujjatlarning katta qismi qiymati nisbatan kichik bo‘lgan loyihalardan iborat. Shuningdek, ko‘plab hujjatlar avval ko‘rilgan loyihalarga o‘xshash bo‘lsa ham, ular qaytadan to‘liq tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa ortiqcha vaqt va resurs sarfiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Taqdimotda markaz faoliyatiga ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy qilish taklif qilindi.
Xususan, loyihalarni ko‘rib chiqishda xavf darajasi va qiymatiga qarab, tabaqalashtirilgan tartibni joriy etish taklifi bildirildi. Unga ko‘ra, loyihaoldi hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazishda texnik topshiriqlar ko‘rib chiqilmaydi, faqat 15 million dollardan yuqori qiymatdagi korporativ va byudjet loyihalari ko‘rib chiqiladi.
Yirik va megaloyihalarni parallel ekspertizadan o‘tkazish, avvalgilariga o‘xshash loyiha kelib tushganda, tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish, jismonan va ma’nan eskirgan uskunalarni soddalashtirilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazish, benchmarking usulini qo‘llash tashabbuslari ilgari surildi. Bu ekspertiza jarayonini maqbullashtirib, markazning asosiy e’tiborini strategik ahamiyatga ega yirik investisiya loyihalariga qaratish imkonini beradi.
Taqdimotda ekspertiza jarayoni ishtirokchilari uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, loyihalar bo‘yicha birinchi bosqichdayoq ijobiy xulosa olinsa yoki loyiha bo‘yicha bildirilgan e’tirozlar muddatidan oldin bartaraf etilsa, buyurtmachilarni rag‘batlantirish, ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish va chegirmalar berish kabi choralar taklif qilindi.
Markaz faoliyatini raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Buning uchun soliq va bojxona organlari, milliy statistika tizimi, ekologiya va iqlimga oid ma’lumotlar bazalari, shuningdek, qurilish resurslari milliy klassifikatori hamda davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integrasiya qilingan yagona axborot platformasi yaratiladi. Ushbu platforma orqali loyihalarga oid hujjatlar onlayn shakllantirilishi, tovar va xizmatlarning narxlari hamda texnik ko‘rsatkichlari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinishi belgilanmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihalar ekspertizasi investisiya muhitining muhim bo‘g‘ini ekanini ta’kidlab, mazkur sohada ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish, sifat va tezkorlikni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
