"Evropada atom energiyasini qisqartirish katta xato bo‘ldi"
Evropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropada atom energiyasini qisqartirish strategik xato bo‘lganini aytdi, deb xabar beradi DW.
«So‘nggi yillarda dunyoda atom energetikasining qayta jonlana boshlaganini ko‘rib turibmiz. Yevropa ham ushbu yangilanishning bir qismi bo‘lishni istaydi”, — dedi Ursula fon der Lyayen Parij yaqinida bo‘lib o‘tgan yadro energetikasi bo‘yicha sammitda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanoat va aholini arzon va ekologik toza energiya bilan ta’minlash maqsadida yadro energetikasini rivojlantirishni rag‘batlantiryapti.
«Shuning uchun bugun biz kichik modulli reaktorlar uchun yangi Yevropa strategiyasini taklif qilyapmiz. Bizning maqsadimiz oddiy: bu yangi texnologiya 2030 yillarning boshiga kelib Yevropada qo‘llashga tayyor bo‘lishi kerak”, — deb ta’kidladi fon der Lyayen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa yangi avlod yadro energiyasining global markaziga aylanishi kerak.
Biroq amalda hozircha «qayta jonlanish» kuzatilmayapti. World Nuclear Industry Status Report ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili dunyoda umumiy quvvati 4,4 GVt bo‘lgan to‘rtta yangi reaktor ishga tushirilgan. Ularning ikkitasi Xitoyda, bittasi Hindistonda va yana bittasi Rossiyada joylashgan. Shu bilan birga, umumiy quvvati 2,8 GVt bo‘lgan yettita reaktor esa foydalanishdan chiqarilgan.
Hozirgi paytda butun Amerika qit’asida birorta ham tijorat atom reaktori qurilmayapti.
Evropa Ittifoqida esa qurilishi davom etayotgan yagona ob’ekt — Slovakiyadagi Moxovse-4 reaktoridir. Uning qurilishi 1985 yilda boshlangan.
