Dunyoning eng boy odamlari umrni uzaytirishga sarmoya kiritmoqda

Silikon vodiyda uzoq umr ko‘rish sanoati qizg‘in investisiya yo‘nalishiga aylandi. 2025 yilga borib, bu sohaning hajmi 578 milliard yevroga yetishi kutilmoqda. Uning rivojida yetakchi rolni superboy insonlar o‘ynamoqda. Shveysariyaning UBS banki ma’lumotlariga ko‘ra, 48 million yevrodan ortiq boylikka ega insonlar qo‘shimcha 10 yil umr evaziga o‘z boyliklarining yarmidan voz kechishga tayyor.
Shunday odamlarning biri – 47 yoshli tadbirkor va bioxaker Brayan Jonson bo‘lib, u har kuni 50 dan ortiq turli dorilar qabul qiladi, yosh o‘g‘lining qon plazmasini o‘ziga kiritadi, yurak ritmi va miya faolligini doimiy ravishda kuzatib boradi hamda qarish jarayoniga qarshi kurashishda unga yordam beradigan 30 nafar mutaxassisdan iborat jamoani moliyalaydi. Bu jarayon unga yiliga 1,9 million yevroga tushadi.
Amazon asoschisi Jeff Bezos Altos Labs biotexnologiya kompaniyasiga 2,9 milliard yevro sarmoya kiritgan. Ushbu startap organizm hujayralarini qayta dasturlash orqali qarish jarayonini to‘xtatish yoki hatto orqaga qaytarishni maqsad qilgan. PayPal hammuassisi Piter Til esa Methuselah fondiga 6,5 million yevro ajratgan. Ushbu fond ham qarishni tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi. OpenAI rahbari Sem Altman Retro Biosciences loyihasiga mablag‘ kiritmoqda. Aytilishicha, u Davosdagi Jahon Iqtisodiy Forumida faol ravishda yangi investorlarni qidirgan.
Longevity Investors hammuassisi Mark Bernegger milliarderlar, olimlar va tadbirkorlarni birlashtirib, uzoq umr ko‘rish sanoatini rivojlantirishga harakat qilmoqda. U shunday deydi:
«Men o‘zimni baxtli va sog‘lom his qilganimcha yashashni xohlayman. Ilmiy nuqtayi nazardan, 90–120 yil yashash mutlaqo real.»
Bu kabi investisiyalar butun insoniyat kelajagini o‘zgartiradimi yoki yo‘q – buni vaqt va mablag‘ hal qiladi, deb xulosa qiladi Bild nashri.