Dunyoda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 80 yilda qariyb 30 yilga uzaydi
📊 Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, 1945 yilda dunyo bo‘yicha o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 45 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 73,5 yoshga yetdi.
✅ So‘nggi sakson yil ichidagi bunday o‘sish dinamikasi Yer yuzida qirg‘inbarot urushlar kamayishi, ijtimoiy taraqqiyot va eng asosiysi, jahon tibbiyotidagi yutuqlar bilan bog‘liq.
💉 Masalan, hozirgi kunda dunyoda yashovchi bolalarning 80 foizdan ortig‘i qizamiq, qoqshol, difteriya va pnevmoniya kabi xavfli kasalliklarga qarshi emlanmoqda.
🏵 Ilgari bu ko‘rsatkich atigi 5 foizni tashkil etganini hisobga olsak, rivojlanish tendensiyasi jadal sur’atda davom etayotgani ma’lum bo‘ladi.
📉 Shuningdek, keyingi 25 yilda OIV/OITS, bezgak va sil kasalliklari tufayli o‘lim holatlari sezilarli darajada kamaygan. Onalar va bolalar o‘limi ham keskin qisqargan.
💫 JSST rahbari global tahdidlar haqida ham ogohlantirdi. U pandemiyalar chegara bilmasligi, qisqa vaqt ichida butun dunyo bo‘ylab tarqalishini ta’kidladi.
💬 “Qolaversa, iqlim inqirozi — yana bir jiddiy muammo. Agar bunday global tahdidlarga qarshi birgalikda kurashilmasa, vaziyat yildan yilga yomonlashishi mumkin”, — dedi Tedros Gebreyesus.
📌 Eslatib o‘tamiz, ayni paytda mamlakatimizda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,1 yoshni tashkil etmoqda. "O‘zbekiston — 2030" strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilga kelib, bu ko‘rsatkichni 78 yoshga yetkazish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
