Din ishlari bo‘yicha qo‘mita diniy qadriyatlarni himoya qilish huquqiga ega emasmi?

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita diniy qadriyatlarni himoya qilish huquqiga ega emasmi?

To‘g‘risini aytsam, odam shu kunlarda hayratlanmay ham qo‘ygandi. Chunki yangi zamonlar bizda shakllangan har qanday stereotiplarni barbod qilib, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan hodisalarni dunyo yuziga olib chiqyapti. Ammo aksar xalqi musulmon mamlakatda din ahkomlarini televideniya orqali masxara qilishdek qabih ishni ko‘rib hayratdan hushimiz uchdi. Bu ish o‘z navbatida ijtimoiy tarmoqda keskin qarshi olinib, ommaviy norozilikni keltirib chiqara boshladi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham jim turmagan ekan. Qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevga Diniy qadriyatlarni askiya ob’ektiga aylantirish oqlab bo‘lmaydigan xatti-harakat ekanligi haqida murojaat bilan chiqibdi. Buni ko‘rib internetda g‘azab otiga mingan minglab musulmonlar biroz tinchlangandek bo‘lishdi.

Bugun esa butun xalqimizning havasini keltirib, ota-onalar bolalarim shu yigitga o‘xshasaydi deb orzu qiladigan iqtisodchi do‘stimiz Behzod Hoshimov so‘z erkinligini, xususan, aktyorning televideniya ko‘rsatuvida din ahkomlarini masxara ostiga olganini himoya qilib maqola yozibdi. Kamiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning murojaat xatini erkinlikka nisbatan xurujdir deb iddao qilibdi. O‘zim ham shaxsan hurmat qiladigan bu insonning maqolasi sabab paydo bo‘lgan qisqa shok holatidan chiqqach, vatandoshimizning so‘z erkinligini hurmat qilgan holda uning fikrlari nima uchun asossiz ekanligini asoslashga qaror qildim. O‘quvchilar gap nimada ekanligini tushunmay qolmasligi uchun muallifning fikrlarini bandma-band ko‘rib chiqamiz. Jumlalar tahrirsiz va qo‘shtirnoq ostida keltiriladi.

Lekin bizning qonunchiligimizda, san’atkor istalgan narsani ustidan kulishga haqqi bor. Va bu narsada istisnolar yo‘q. Agar bir inson ikkinchi insonning shaxsiyatiga tegsa yoki tuhmat qilsa, buning uchun mahkama, ya’ni sud organlari mavjud, agar sud lozim topsa, o‘sha adolatsiz masxara qilgan insonga chora ko‘rilishi mumkin. Lekin agarda kimningdir hazili boshqa bir insonning diniy (yoki boshqa) hissiyotlariga tegishi ehtimoli bo‘lsa, hissiyotlari nozik inson erkin mamlakatda, o‘sha hazilni tinglamaslik va ko‘rmaslik haqqiga egadir.

Muallifning so‘z va ifoda erkinligi borasidagi fikrlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, ammo qiziqchilar uchun hech qanday istisno yo‘qligi haqidagi fikriga qo‘shilmayman va shaxs-jamoa munosabati haqida gap ketayotganda o‘z fikrini quvvatlash uchun shaxs-shaxs munosabatiga oid misoldan foydalanishini to‘g‘ri deb hisoblayman. Bu shunchaki o‘quvchining ko‘zini shamg‘alat qilishga urinish, xolos. Chunki muallifning mantig‘iga ko‘ra, hissiyoti nozik inson diniy ahkomlar kulgi ostiga olingan hazilni tinglamay qo‘yaverish huquqiga ega bo‘lsa, unday inson shaxsiyatiga tegadigan yoki tuhmat gapni ham tinglamay qo‘yaverish huquqiga ham ega bo‘lib qoladi. Shuningdek, bu solishtirishni to‘g‘ri deb hisoblasak, har qanday jinoyatchi, xossatan, o‘lim bilan tahdid qilgan odam ham bu ishida erkin bo‘lib qoladi. Chunki bu xuddi O‘lim bilan tahdid qilsa, nima qilibdi? Avval u o‘ldirsin, keyin sudga berilaveradi, agar siz uning o‘ldirishidan qo‘rqsangiz, tahdidini eshitmay qo‘yavering degandek gap.

Qisqasi, bir odamni yoki san’atkorning so‘z erkinligiga cheklov qilish, qanday xolisona niyat bilan qilinishidan qat’iy nazar, aslida noqonuniy. Kamida qonuniyatning mohiyatiga zid. Biz konstitusion demokratik respublikamiz, va bizning qonunchilikda inson istalgan dinga yoki umuman dinsiz bo‘lish huquqiga ega. Shu tariqa, bir dinda nima mumkin va mumkin emasligi, mamlakatning qonuni degani emas.

Xatboshidagi so‘z erkinligi va diniy ahkomlarni masxara qilish bir narsa emasligi mavzusiga haliroq qaytaman. Ammo meni ajablantirgan narsa bu yerda e’tiqod erkinligining holatga qanday dahli bor? Chunki, gap hech kimning e’tiqod erkinligi haqida ketmayapti. Diniy qo‘mita murojaatining hech bir yerida bir dinda nima mumkin va mumkin emasligi mamlakatning qonuni degani degan iddao yo‘q. Bo‘lishi ham mumkin emas. Chunki O‘zbekiston davlat boshqaruvi shakliga ko‘ra, dunyoviy davlat hisoblanadi va din ahkomlari davlat qonunlari o‘laroq qabul qilinmaydi. Lekin qonunchilikdagi e’tiqod erkinligi tushunchasining biz muhokama qilayotgan mavzuga umuman aloqasi yo‘q.

Erkinlikka nisbatan ixtiyoriy zulm yomondir, va qo‘mitaning ushbu xati aynan erkinlikka nisbatan xurujdir. Dindor inson o‘z diniga erkin e’tiqod qilish haqqi va boshqa inson hech bir dinga e’tiqod qilmasligi haqqi, qonunchiligimizda bir xil darajada muqaddasdir. Ikkovining ham erkinligiga cheklov qo‘yish mumkin emas. Bu degani, dindor va dinsiz odam bir xil ravishda o‘zi istagan hazillarni qila olishi, yoki umuman hazillashmaslik haqqiga egadir, va aynan shu haq qonun tomonidan muhofaza qilinishi kerak.

Maqolaning mana bu qatorlaridan endi juda jiddiy va keskin jumlalar boshlanadi. E’tiqod erkinligi fuqaroga har qanday narsani (bu holatimizda har qanday dinni) kulgi ostiga olish huquqini beradimi? Yana omma oldida, yana aholisining qariyb to‘rtdan uch yarim qismi o‘sha dinga amal qilgan davlatda-ya? Kechirib qo‘yasiz, lekin bu o‘ta xatarli iddao. Agar muallif davlat boshqaruviga kelib qolsa bormi, holimizga voy bo‘ladi. Mabodo yana shunday fikrlaydigan insonlar bo‘lsa, yaxshilab tushunib olaylik. Dinni masxara qilish e’tiqod erkinligi hisoblanmaydi, aksincha og‘ir huquqiy oqibatlarga, xususan ma’muriy, hatto jinoiy jazoga ham olib kelishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi Jinoyat Kodeksining Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘ash haqidagi 156-moddasiga ko‘ra, nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, ...fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar ...ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi . Diniy qo‘mita keltirgan e’tirozda ham bunday harakatlar oqibatida din arboblari va yurtimiz dindorlari orasida norozilik kayfiyatining kelib chiqishiga urg‘u beriladi va jamiyatda ixtilof chiqmasligining oldini olish uchun san’atkorlar orasida tushuntirish ishlari olib borilishi so‘raladi. Albatta, bu ishlarga batafsil huquqiy baho berish bizning vazifamiz emas, ammo men muallifning e’tiqod erkinligi har qanday mavzuda askiya qilish huquqini beradi mazmunidagi gapining naqadar asossiz ekanini ko‘rsatmoqchiman.

Davom etamiz

Tasavvur qiling, agar musulmon bo‘lmagan vatandoshlarimiz musulmon bo‘lgan vatandoshlarimizning haqlarini qisqartirishni so‘rasalar, aksariyat musulmonlar buni adolatsiz deb bilishar edi. Axir vijdon erkinligi qonun bilan himoyalangan-ku? Har bir inson o‘z dini ahkomlarini qilishiga haqliku derdilar. Agar musulmon va dindor vatandoshlarimiz o‘zlarining vijdon erkinligiga oid bo‘lgan konstitusion huquqlaridan bemalol foydalanmoqchi bo‘lsalar, unda boshqa insonlarning ham xuddi shunday huquqlarini muhofazalanishiga harakat qilishlari kerak bo‘ladi. Ya’ni, agar dindor vatandoshlarimiz o‘z haqlarini muhofaza qilinishini xohlasalar, dindor bo‘lmagan vatandoshlarning ham haqlari muhofaza qilinishini talab etishlari darkor. Xuddi shunday, musulmon vatandoshlarimiz, yoki dindor vatandoshlarimiz, boshqalarni ham o‘zlari kabi musulmon, yoki o‘zlari kabi dindor bo‘lishlarini talab qilishga haqlari yo‘q. Bunday xatlarni musulmon vatandoshlarmiz qo‘llab quvvatlashmasa yaxshi bo‘lar edi, chunki bunday xatlar barchamizning erkinligimiz haqida. Erkinlik eng oliy ne’matdir.

Maqolani o‘qir ekanman, iqtisodchi do‘stimizning din ahkomlari ustidan masxara qilish holatini e’tiqod erkinligiga bog‘lashga urinishda davom etishi meni taajjubga solaveradi. Chunki aynan u ta’kidlaganidek, erkinlikning hech qaysi bir turi boshqa bir fuqaro yoki jamoalar yoki ularning qadr-qimmatlarini masxara ostiga olib kamsitish hisobiga ta’minlanmaydi. Endi musulmonlar va boshqalar haqida gap ketar ekan, hech bir musulmonning Zo‘rTV yoki boshqa TVda chiqib, boshqa dindagilarning yoki dinsizlarning e’tiqod erkinligiga tajovuz qilganlari, ularni masxara qilib latifalar namoyish etganlariga ham guvoh bo‘lmaganmiz.

Iqtisodiy nuqtai nazardan ham bunday xatlar yaxshi emas, chunki mamlakatda qonun ustuvor bo‘lmasa insonlarning hayoti sifati oshmaydi. Mamlakatda sud o‘rganlarining o‘rnini bosuvchi choralar, sud tizimimzga bo‘lgan ishonchni kamaytirishi ham iqtisodiy o‘sish uchun juda yomon omil .

Muallifning bu fikrlariga to‘liq qo‘shilaman (on this point, we are on the same wavelength, brother!). Ammo fikri ojizimcha, bu fikrlarning ham hozirgi holatga hech qanday aloqasi yo‘q.

Xulosa qiladigan bo‘lsam, men Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning bu tashabbusini to‘la qo‘llab-quvvatlayman va fuqarolarning ommaviy axborot vositalari orqali boshqa fuqarolarning diniy, irqiy va milliy qadriyatlari ustidan kalaka qilishlariga mutlaqo qarshiman. Men buni so‘z va ifoda erkinligi deb hisoblamayman. Aslini olganda men muallifning maqolasidan xafa emasman. Chunki taniqli bloger do‘stimiz aytganidek, har bir mustaqil fikr yashashga haqli . Uquvsizroq odamdan shunday gap chiqsa, o‘qimagan-da deb e’tiborsiz qoldirib ketaversa bo‘lar. Ammo men Behzod Hoshimovdek insonning shunday maqola chop qilganidan chuqur hayratga tushdim. To‘g‘risini aytsam, men umrim bino bo‘lib biror marta ommaviy axborot vositalari orqali diniy ahkomlarni masxara qilishni so‘z erkinligi deb himoya qilib chiqqan odamni uchratmaganman. Ammo yuqorida aytdim-ku, yangi zamonlar bizda shakllangan har qanday stereotiplarni barbod qilib, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan hodisalarni dunyo yuziga olib chiqyapti. O‘lmasak, ko‘raveramiz shekilli

Javohir IZZATULLOH

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!