Denominasiya nima? O‘zbek valyutasi denominasiya bo‘lganmi?

Denominasiya nima? O‘zbek valyutasi denominasiya bo‘lganmi?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda 10000 so‘m 1 so‘mga aylantiriladi, yangi pul chiqadi, plastik kartadagi pullarning to‘rtta noli yo‘qoladi, degan xabar tarqaldi. Markaziy Bank raisi Mamarizo Nurmurodov “Denominasiya bizning hayolimizda ham, rejalarimizda ham yo‘q. Bizda hozircha bunga ehtiyoj yo‘q. Denominasiya bu shunchaki nollarni o‘chirish emas, bu katta iqtisodiy xarajatdir”, deb bayonot berdi.

Denominasiya nima?

Denominasiya — valyuta barqarorligini oshirish va hisob-kitobni ixchamlashtirish maqsadida qog‘oz pul nominalini pasaytirish; eski pulning kursi (qadri) yuqori qilib belgilangan, nomi o‘zgarmagan yangi pulga ma’lum nisbatda almashtirishdir.

Denominasiya mamlakatdagi pul muomalasini tartibga solish tadbirlaridan biri bo‘lib, pul qadri pasayishini to‘xtatib qolish yoki susaytirish orqali pul tizimini sog‘lomlashtirish maqsadida amalga oshiriladi. Denominasiya muomalada bo‘lgan pul mablag‘lari (kupyura, tanga)lar massasini birmuncha kamaytirish imkonini beradi.

Markaziy Bank raisi ta’kidlaganidek, denominasiya iqtisodiy barqarorlik sharoitida o‘tkaziladi, ya’ni savdo balansini musbat qilib olib, investision jozibardorlikni oshirib, bozor iqtisodiyoti talablari minimum tarzda bajarilsa, undan keyin bemalol denominasiya qilsa bo‘ladi.

Eng katta denominasiyalar

Quyida tarixda amalga oshirilgan ba’zi denominasiyalarni eslab o‘tamiz.

Tarixdagi eng katta denominasiya 1946 yili Vengriyada o‘tkazilgan. O‘shanda 400 oktillion penge 1 forintga almashtirilgan. (Oktillion – 1 dan keyin 27 ta nol!)

Rossiyada 1922-23 yillarda eski 1 mln. rubl yangi 1 rublga, Germaniyada Birinchi jahon urushi va undan so‘nggi davrlarda pulning haddan tashqari qadrsizlanishi natijasida 1924 yilgi pul islohotlari davrida eski 1 trln. marka yangi 1 markaga, Gresiyada 1944 yil noyabrda 50 mlrd. draxma yangi 1 draxmaga almashtirilgan edi.

Ikkinchi jahon urushi yakunlanishi arafasida va undan keyin bir qator xorijiy davlatlarda pul islohotlari (Belgiya — 1944 yil, Fransiya, Daniya, Gollandiya va Norvegiya — 1945 yil, Yaponiya — 1946 yil, Avstriya — 1947 yil) amalga oshirildi.

Belarus Respublikasi yangi tarixi mobaynida 3 marta denominasiya qilgan: 1994 yili rubl 10:1 nisbatida, 2000 yili 1000:1 nisbatida va oxirgisi 2016 yili 10000:1 nisbatida denominasiyalangan.

Turkiya 2005 yili birdaniga oltita noldan voz kechgan (1000000:1 nisbatida). Rossiya Federasiyasi 1998 yil 1000:1 denominasiya qilgan bo‘lsada eski rubllar 2003 yilgacha muomalada bo‘lgan. 1996 yil Gruziya oltita, 2005 yili Ruminiya to‘rtta noldan voz kechgan.

Bizda ham denominasiya bo‘lganmi?

Vatanimiz tarixidagi ilk denominasiya Buxoroda 1922 yili bo‘lgan. 1921 yilda Buxoro Xalq banki muomalaga yangi, nominali rublda ko‘rsatilgan qog‘oz pullarni chiqara boshlagan. Bu pullar 3000, 10000 va 20000 rubl nominalga ega bo‘lgan. 1922 yilda Buxoro Xalq banki tomonidan denominasiya amalga oshirilib, pulning nominali yuz marta kamaytirilgan va 1, 5, 10, 25, 100 rubllik yangi pullar muomalaga chiqarilgan.

1918-20 yillarda Toshkentda Turkiston ASSRning puli — turkbonlar chiqarilgan. 1921 yil 1 yanvardan boshlab, Turkistonda 3 oy davomida pul islohotlari o‘tkazilib, turkbon RSFSR pul birligiga 10:1 nisbatda almashtirilgan.

1992-1994 yillarda O‘zbekistonda so‘m-kupon amalda bo‘lgan. 1994 yil yil 1 avgustdan so‘m-kupon amaldan chiqarilib, so‘mga to‘liq o‘tilgan. So‘m-kupon 1000:1 nisbatda almashtirilgan.

Mirzaolim Dilshod o‘g‘li

  •  

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!