Cho‘chqa grippi O‘zbekistonga kirib kelganmi?

Cho‘chqa grippi O‘zbekistonga kirib kelganmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda cho‘chqa grippi dunyoning bir necha mamlakatlarida qayd etilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalmoqda.

Xo‘sh, mamlakatimizda bu borada epidemik vaziyat qanday? Ushbu kasallikning yurtimiz hududiga kirib kelmasligi uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilyapti?

Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmatiga ko‘ra, respublikamizda cho‘chqa grippi kasalligi aniqlanmagan. Epidemik vaziyat esa barqaror. Respublikamiz hududiga chetdan cho‘chqa grippi kasalligi kirib kelgan taqdirda ham o‘choqni qamrab olish (lokalizasiya) va tugatish (likvidasiya) bo‘yicha barcha chora-tadbirlar boshqa o‘tkir respirator kasalliklarida qanday o‘tkazilsa, cho‘chqa grippida ham xuddi shunday tadbirlar amalga oshiriladi.

Odatda cho‘chqa grippi kasallangan cho‘chqalardan yuqadi. Ba’zi hollardagina odamdan odamga yuqadi.

Odamlar orasida cho‘chqa grippi infeksiyasining odatdagi klinik ko‘rinishi mavsumiy gripp va boshqa o‘tkir yuqori nafas yo‘llarining infeksiyalariga o‘xshash bo‘lib, haroratning ko‘tarilishi va nafas olish tizimida yallig‘lanish, yo‘tal, angina, faringit, burunning bitishi kabi belgilar paydo bo‘ladi.

Kasallik faqat maxsus laborator tekshirish usullari bilan tasdiqlanadi.

Cho‘chqa grippiga chalingan (gumon qilingan) bemorlar darhol yuqumli kasalliklar kasalxonasida maxsus tashkil etilgan gospitalga, gumon qilinganlar bo‘lsa, ular provizor gospitalga, muloqotda bo‘lganlar esa izolyatorga yotqiziladi. Bemor to‘liq tuzalguncha davolanadi, alohidalanib (izolyasiya), tibbiy kuzatuv ostiga olinadi.

Shifokorlar agar yaqinda chet davlatdan qaytib, sog‘lig‘ida bezovtalik sezgan insonlarga darhol shifokorga murojaat qilishni tavsiya etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!