Chilonzor IIBdan o‘ligi chiqqani aytilgan fuqaro hojatxonadan pastga sakragani aytildi

Chilonzor IIBdan o‘ligi chiqqani aytilgan fuqaro hojatxonadan pastga sakragani aytildi

Joriy yilning 22 may kuni tonggi soat 04.30 larda Chilonzor tumanidagi yo‘l patrul xizmati maskanida xizmat olib borayotgan YPX inspektorlari tomonidan Gentra rusumli transport vositasi to‘xtatilgan.

Mazkur avtomobil yo‘lovchisi 2002 yilda tug‘ilgan X.T. o‘z xatti-harakatlari bilan xodimlarda shubha uyg‘otganligi sababli xolislar ishtirokida tekshirilgan va uning yonidan o‘tkir hidli to‘q jigarrang rangidagi modda borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan. X.T. va to‘plangan hujjatlar Chilonzor tumani IIO FMBga topshirilgan.

O‘tkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, X.T.ning yonidan topilgan modda 53,52 grammni tashkil qilib, “gashish” giyohvandlik moddasi ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan X.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu kuni taxminan soat 18.50 larda X.T. Chilonzor tumani IIO FMBdagi 4-qavatda joylashgan xizmat xonasiga olib ketilayotgan vaqtida, hojatxonaga kirishligini so‘ragan. X.T. 4-qavatda joylashgan hojatxonaga kirgandan so‘ng, tergovdan qochib yashirinish maqsadida hojatxona derazasidan pastga sakrashi natijasida bosh va tana qismidan turli jarohatlar olgan (Mazkur holat binoga o‘rnatilgan videoyozuv moslamalarida qayd etilgan).

Tuman IIO FMB xodimlari X.T.ga zudlik bilan tez-tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida RSHTYOIMga olib borilib, unga "bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh suyagini sinishi, tana a’zolarining gematomasi" tashxisi qo‘yilgan. 29 may kuni X.T. kasalxonada vafot etgan. Holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!