Caharlikka uxlab qolsa ro‘za qabul bo‘ladimi?

Caharlikka uxlab qolsa ro‘za qabul bo‘ladimi?

Savol: Bir kuni men kechasi uxlab qoldim. Saharlikka ham turmadim, hatto, Alloh kechirsin, quyosh chiqqandan so‘ng uyg‘onibman. Ro‘zaga shunda niyat qilib oldim, o‘sha kungi ro‘zam durust bo‘ladimi?

Javob:  O‘sha kungi ro‘zangiz shar’an joizdir. Bizning mazhabimiz hukmi shunday.

Chunki, shak kunida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga bir a’robiy kelib, guvohlik berib, musulmonligini tasdiqlab, Ramazonning hilolini kechqurun oqshomda ko‘rganligini aytadi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Bilolga odamlarga xabar yetkazishini va ro‘zaga niyat qilib, ro‘za tutishni boshlashlarini uqtiradilar. Buni to‘rtta sunan sohiblari (Termiziy, Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Mojja) Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar.

Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Hali Ramazon ro‘zasi farz bo‘lmasdan avval, Ashuro kuni ro‘za tutilar edi. Shunda choshgoh paytida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam odamlarga «Kimki yeb-ichgan bo‘lsa, kechgacha yeb-ichmay tursin. Kimki shu paytgacha yeb-ichmagan bo‘lsa, ro‘za tutsin» deb buyurganlar.

Imom Buxoriy va Imom Muslimlar rivoyat qilganlar.

Ammo doim shunday qilaverish (ya’ni, tong otgandan yoki quyosh chiqqandan so‘ng ro‘zaga niyat qilish) yaramaydi. Chunki, boshqa mazhablarda bu narsa aslo joiz emas. Zotan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham bunday deganlar:

من لم يجمع الصيام قبل الفجر فلا صيام له

«Kimki ro‘zasini tongdan avval jam qilib, qasd qilib olmasa, uning ro‘zasi yo‘qdir»

Abu Dovud va Termiziy lafzi. Ibn Moja va Nasoiylar ham shu ma’nodagi hadisni rivoyat qilganlar.

Ramazondan boshqa ro‘zalarni (kafforat va mutlaq nazr ro‘zalari hamda Ramazonning qazosini) kechasi niyat qilish va qaysi ro‘za ekanligini tayin qilish shartdir.

Biror sabab bilan, masalan uxlab qolib, qoldirilgan namozning qazosini o‘qish lozim va lobuddir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!