Bo‘yinga kumush tross taqish joizmi?

Bo‘yinga kumush tross taqish joizmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kumush uzuk erkaklarga necha gramm miqdorda joiz? Bo‘yinga, bilakka kumush trosslar taqish joizmi? 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym

«Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Uning qo‘lida mis uzuk bor edi. U zot unga:

«Ne bo‘ldiki, men sendan sanamlarning hidini topmoqdaman!?» dedilar. Bas, u (kishi) uni tashlab yubordi. So‘ngra u (yana bir bor) keldi. Uning qo‘lida temir uzuk bor edi. U zot unga:

«Ne bo‘ldiki, men senda do‘zax ahlining ziynatini ko‘rmoqdaman!?» dedilar. Bas, u (kishi) uni tashlab yubordi. So‘ngra:

«Ey Allohning Rasuli, uni nimadan qilishim kerak?» dedi. U zot:

«Uni kumushdan qil va bir misqolga yetkazma» dedilar».

«Sunan» egalari rivoyat qilishgan.

Sharh: Ushbu rivoyatdan musulmon erkak uzuk taqadigan bo‘lsa, faqat kumushdan bo‘lgan uzuk taqmog‘i lozimligini tushunib olamiz. Boshqa ko‘pgina hadislarda erkak kishiga tilla uzuk taqish harom ekani aytilgan. Bu rivoyatda esa boshqa ma’danlardan ham uzuk qilish yaxshi emasligi haqida so‘z ketmoqda. Keling, bu ma’nolarni bir boshdan tahlil qilib chiqaylik.

«Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. Uning qo‘lida mis uzuk bor edi. U zot unga:

«Ne bo‘ldiki, men sendan sanamlarning hidini topmoqda-man!?» dedilar».

Demak, musulmon erkak misdan bo‘lgan uzuk taqmog‘i durust emas. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mis uzuk taqib olgan odamga: «Ne bo‘ldiki, men sendan sanamlarning hidini topmoqdaman!?» deganlarini tushunib olish uchun bir oz sharhga ehtiyojimiz tushadi.

«Sanam» deb yuzi inson shaklidagi butga aytiladi. O‘sha paytlarda arab mushriklarining ko‘plab sanamlari bo‘lib, ular asosan misdan tayyorlanar ekan. Shuning uchun ham odamlar ichida mis sanamga ishlatiladigan ma’dan degan tushuncha o‘rnashib qolgan ekan. Boshqacharoq qilib aytganda, mis deganda sanamni, sanam deganda misni tushunadigan bo‘lib qolishgan ekan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi gapni ana o‘sha holatdan kelib chiqib aytgan ekanlar. Binobarin, mis uzuk taqishning qabihligi yana ham kuchli bo‘lgan.

«Bas, u (kishi) uni tashlab yubordi».

Ya’ni o‘sha Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga mis uzuk taqib kelgan kishi u zotning mazkur gaplaridan keyin qo‘lidagi mis uzukni yechib, tashlab yubordi.

«So‘ngra u (yana bir bor) keldi. Uning qo‘lida temir uzuk bor edi. U zot unga:

«Ne bo‘ldiki, men senda do‘zax ahlining ziynatini ko‘rmoqdaman!?» dedilar».

Mazkur sahobiy roziyallohu anhu, mis uzuk taqish joiz bo‘lmasa, temir uzuk bo‘laverar, degan fikr ila Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga yana bir bor kelishida temir uzuk taqib kelibdi. Lekin bu safar ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan tanbeh eshitdi. U zot sollallohu alayhi vasallam unga:

«Ne bo‘ldiki, men senda do‘zax ahlining ziynatini ko‘rmoqdaman!?» dedilar. 

U zotning ayni ushbu jumlani aytishlarining boisi do‘zax ahlining qo‘l-oyoqlariga oxiratda temirdan kishan solinishi sababli ekan. Shuning uchun ham musulmon erkak uchun temir uzuk makruh.

U ham bo‘lmasa, bu ham bo‘lmasa, nima bo‘ladi o‘zi? Xuddi shu savol mazkur uzuk taqishga ishqiboz sahobiy roziyallohu anhuning xayollariga ham keldida:

«Ey Allohning Rasuli, uni nimadan qilishim kerak?» dedi».

Ana endi to‘g‘ri yo‘l tutildi. O‘zicha hali uni, hali buni qilib ko‘rib, shariatga to‘g‘ri kelmagani uchun tanbeh eshitib, parishon hol bo‘lgandan ko‘ra, biror ishni qilmoqchi bo‘lgan odam «Bu masalada shariatning hukmi qanday?» deb so‘rab, bilib olib, keyin uni amalga oshirsa, olam guliston.

Bu safar ham shunday bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uzukni nimadan qilishnigina emas, uning vazni qancha bo‘lmog‘i lozimligini ham bayon qilib berdilar.

«Uni kumushdan qil va bir misqolga yetkazma», dedilar».

Musulmon erkaklar uzuk taqadigan bo‘lsalar, kumush uzuk taqsinlar. Isrofdan qochish maqsadida uzukka bir misqolga yet-magudek kumush sarflasinlar. Vallohu a’lam.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!