Bo‘yin ostreoxondrozi asosan 35 yoshdan so‘ng kuzatiladi. Nega?
➡️ Kamharakatlik — ko‘plab kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omil. Aynan jismoniy faollik yetishmasligi tufayli yiliga 5 milliondan ortiq odam hayotdan ko‘z yumishi JSST tomonidan alohida o‘rganilgan.
📌 Kun davomida kabinetda o‘tirib ishlash va jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmaslik oqibatida paydo bo‘ladigan shunday xastaliklardan biri bo‘yin osteoxondrozidir.
💬 — Dunyoda bu darddan aziyat chekuvchilar soni yildan-yilga ortmoqda, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov. — Bu holat sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilinmayotgani bilan bog‘liq.
🔬 Osteoxondroz umurtqalar, ularning tog‘aysimon disklari va boylamlarining degenerativ-distrofik o‘zgarishlari bo‘lib, joylashuviga ko‘ra bo‘yin, ko‘krak va bel-chanoq turlari farqlanadi.
✅ Bo‘yin osteoxondrozi, odatda, 35 yoshdan so‘ng kuzatiladi. Xo‘sh, buning sababi nimada?
🔎 Ma’lumki, bo‘yin — umurtqa pog‘onasining eng harakatchan qismi. Undan bir qancha asab tomirlari va umurtqa arteriyalari o‘tadi. Ular orqa miya qon tomirlari va uzunchoq miyani qon bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
🔎 Agar osteoxondroz sababli umurtqa arteriyasi bosilsa, bemorda bel va bosh miya ishemiyasi kuzatilishi ehtimoli bor. Shu sababli ushbu kasallikni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
🩺 Bo‘yin osteoxondrozining qator belgilari mavjud. Bosh sohasida kuchli va davomli og‘riq, bosh aylanishi, ko‘z xiralashishi, qo‘l barmoqlarida sanchiqlar, bir necha soat davom etadigan yurak sohasidagi og‘riqlar, eshitish qobiliyatining pasayishi, holsizlik, hansirash, arterial qon bosimining o‘ynashi kabi simptomlar shular jumlasidan.
‼️ Mazkur alomatlar arteriyaning shikastlanganidan dalolat beradi.
❌ Bu xastalikni uy sharoitida davolash salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli undan xalos bo‘lish uchun shifokorga murojaat qilish kerak. Kasallik erta bosqichda aniqlansa, bemor tezroq sog‘ayadi.
💊 Ko‘p hollarda osteoxondroz muolajasi konservativ usullar yordamida amalga oshiriladi. Shifokor tomonidan dori-darmonlar, kerakli mashqlar terapiyasi va boshqa usullarni o‘z ichiga olgan davolash kurslari buyuriladi.
💉 Ayni paytda markazimizda shu turdagi xastaliklarni kam invaziv usulda davolash yo‘lga qo‘yilgan.
