Buxoroda mast qudalar 3 yoshli qizaloq o‘limiga sababchi bo‘ldi

Buxoroda mast qudalar 3 yoshli qizaloq o‘limiga sababchi bo‘ldi

Buxoro viloyatining Peshku tumanida spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda traktor boshqargan qudalar uch yoshli qizaloq o‘limiga sababchi bo‘ldi, deya xabar bermoqda «Daryo» muxbiri.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilning 24 aprel kuni Peshku tumanining «Mirishkor» MFY Musicha qishlog‘ida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan S.D. uch yoshli qizi D.ni tomorqasiga yetaklab chiqqan. Ona tomorqa yerining namligi bois, qizini qishloqni kesib o‘tuvchi yo‘l chetida qoldirgan. O‘zi esa qizidan chamasi ikki metr uzoqlikdagi tomorqasida ishlayotgan bo‘lgan. Shu payt harakatlanish qoidasini buzib, tezlikni oshirgan holda yurib kelayotgan traktorga ko‘zi tushgan va qizini olish uchun uning yoniga yugurgan. Biroq ulgurmagan.

«Onaning ko‘z oldida bolasini traktorning temir langarlari sudrab ketgan. Qizaloq voqea joyida vafot etgan. Judayam xunuk holat bo‘ldi. Ayolning yana bir nafar 1,5 yoshli o‘g‘li bor. U uyda bo‘lgan. Alloh asrasin», — deydi voqea haqida gapirgan mahalla fuqarosi.

«Daryo» muxbirining aniqlik kiritishicha, traktor ichida mast holdagi qudalar — B.S. hamda Q.A. bo‘lgan. Mahalladoshlarining so‘ziga ko‘ra, traktor Q.A.ga tegishli bo‘lgan. Har ikkisi ham spirtli ichimlik iste’mol qilib, traktorga o‘tirgan. Traktorni Q.A. boshqara olmagach, B.S. qudasining qo‘lidan rulni olishga uringan va fojiaga sabab bo‘lgan.

«Daryo» muxbiri ushbu fojia haqida viloyat IIB tomonidan rasman ma’lumot berilmagani sababi bilan qiziqqan. Bunga javoban esa viloyat IIB YHXB axborot xizmati fojiadan bexabar ekanini ma’lum qilgan. Mas’ullarning so‘ziga ko‘ra, bunday jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksningi 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jazo qo‘llaniladi.

Hudud profilaktika inspektori Elbek Ro‘ziyevning bildirishicha, fojiani keltirib chiqargan har ikki shaxs voqea sodir bo‘lgan paytda tuman IIBga olib ketilgan. Ayni paytda holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!