Butun dunyoda qiynoq qurbonlari soni ortib bormoqda

Butun dunyoda qiynoq qurbonlari soni ortib bormoqda

26 iyun – Xalqaro qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash kuni. Butun dunyoda qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni ayniqsa mojaro zonalarida davom etayotgan qiynoqlar manzarasida nishonlanmoqda. Anadolu ushbu mavzu bo‘yicha material tayyorladi.

Butun dunyo qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kunini mojaro zonalarida davom etayotgan qiynoq amaliyotidan xavotirlar fonida nishonlamoqda. Bu birinchi navbatda bosib olingan Falastin hududlari va fuqarolar urushi davom etayotgan Suriyaga tegishli.

1997 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 26 iyunni Qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni deb e’lon qildi. Ushbu kun qiynoqlarga barham berish va 1987 yil 26 iyunda kuchga kirgan 1984 yildagi Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoga qarshi Konvensiyaning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida nishonlanadi.

Biroq Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining qiynoqlarni taqiqlovchi qoidalariga qaramay, urush, ichki nizolar va kamsitishlar tufayli huquqbuzarliklar davom etmoqda.

Ushbu konvensiyalarni amalga oshirishning samarali mexanizmlarining yo‘qligi BMTni isloh qilish zaruriyatini taqozo qiladi.

Isroil 76 yildan beri falastinliklarni qiynab keladi

1948 yilda Isroil davlati tashkil topganidan beri falastinliklar muntazam ravishda ko‘chirilish, o‘ldirish, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va qiynoqlarga duchor bo‘lmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va rasmiy idoralarning hisobotlari 2023 yil 7 oktyabrdan beri falastinliklarga nisbatan inson huquqlarining buzilishi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda.

BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2001 yildan buyon Isroil Adliya vazirligiga qiynoqlarga oid 1400 dan ortiq shikoyatlar kelib tushgan. Biroq bu murojaatlar bo‘yicha barcha ishlar ayblov xulosasi tayyorlanmaguncha ham yopilgan.

Falastinning Addamir Mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash va inson huquqlari assosiasiyasi inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 1967 va 2023 yillar oralig‘ida 233 falastinlik mahbus Isroil qamoqxonalarida vafot etgan. Bundan tashqari, ulardan 73 nafari bevosita qiynoqlar natijasida vafot etgan.

2022 yilda Isroil hukumati bosib olingan G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorida 7000 ga yaqin falastinlikni hibsga oldi.

2023 yil boshida Isroil qamoqxonalarida 4,7 ming falastinlik bo‘lgan, ulardan 29 nafari ayol va 150 nafari voyaga yetmaganlar. 2023 yil 7 oktyabrdan keyin ularning soni 9 ming kishidan oshdi.

Yaqinda Isroil zindonlaridan ozod qilingan 33 falastinlik jiddiy qiynoq alomatlarini ko‘rsatishdi. Isroil rasmiylari bu ma’lumotni tekshirishga va’da bergan, biroq ular tomonidan jiddiy chora ko‘rilmagan.

Suriya

2011 yil mart oyida fuqarolar urushi boshlanganidan beri Suriyada inson huquqlarining ommaviy tarzda buzilishi qayd etilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha Suriya tarmog‘i (SNHR) ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda Suriyada qiynoqlar tufayli 15 334 kishi halok bo‘lgan, ulardan 199 nafari voyaga yetmaganlar va 115 nafari ayollar.

2011 yilning mart oyidan beri Suriya rejimi qamoqxonalarida jami 15074 kishi, jumladan 95 nafar ayol va 190 nafar voyaga yetmaganlar qiynoq qurboni bo‘ldi.

Guantanamo: Qiynoqlar ramzi

Guantanamo lageri — AQSh harbiy qamoqxonasi, Guantanamo harbiy-dengiz bazasi hududida joylashgan.

Guantanamo qamoqxonasida 2002 yilning yanvarida AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jorj Bushning buyrug‘i bilan terrorizmda gumonlanuvchilarni saqlash markazi (qamoqxonaning rasmiy nomi) ochilgan. O‘shandan beri maxsus qamoqxonaning nomi qiynoqlar bilan qattiq bog‘lab tilga olinadi.

Guantanamo lageri tashkil etilganidan beri 779 musulmon mahbus rasmiy ayblovlarsiz va sudsiz shafqatsizlarcha qiynoqqa solingan.

Xalqaro Amnesty International inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 22 yildan ortiq vaqtdan beri Guantanamo qamoqxonasida asli musulmon bo‘lgan 30 kishi sudsiz hibsda saqlanmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha to‘qqiz mahbus qamoqxonada vafot etgan.

O‘tgan yili Guantanamoga tashrifi chog‘ida BMTning maxsus ma’ruzachisi maxsus qamoqxonada "kuchaytirilgan so‘roq" niqobi ostida qiynoqlar muntazam ravishda qo‘llanilganini aniqladi.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Guantanamo mahbuslari ozodlikka chiqqanidan keyin ham ko‘pincha ruhiy qiynoq va diskriminasiyaga duchor bo‘lishadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!