Bosh vazir va Toshkent shahar hokimi binolarning 1-qavatidagi kafe va do‘konlarni buzish bo‘yicha ko‘rsatma berdimi?

Bosh vazir va Toshkent shahar hokimi binolarning 1-qavatidagi kafe va do‘konlarni buzish bo‘yicha ko‘rsatma berdimi?

Bosh vazir va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov poytaxt markazida joylashgan binolarning 1-qavatidagi kafe va do‘konlarni buzish bo‘yicha ko‘rsatma bergani rad etildi.

Bosh vazir matbuot kotibining ma’lum qilishicha, 28 may kuni bosh vaziri Abdulla Aripov Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov bilan poytaxt markazi – S1 ni kezgani, ko‘p qavatli turar joy binolarining birinchi qavatlaridagi kafe va do‘konlarni buzish bo‘yicha ko‘rsatma bergani yolg‘on bo‘lib, haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Bosh vazir 28 may kuni belgilangan rejaga asosan soat 10:00 dan 22:00 ga qadar Samarqand viloyatida bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek tumani, Markaz – 1 dahasi aholisining murojaati asosida vaziyatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish Toshkent shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilgan. Mazkur jarayonda Vazirlar Mahkamasining birorta mutasaddilari ishtirok etmagan va ko‘rsatma bermagan.

Holat yuzasidan shahar hokimligi matbuot xizmati ham ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, ayni vaqtda Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov hamda shahar va tuman sektorlarining rahbarlari tumanlarga chiqib, sayyor qabul o‘tkazgan holda aholi murojaatlari, muammo va takliflari bilan tanishib chiqmoqda.

Shunday tadbirlardan birida Markaz-1 dahasida yashovchi fuqarolar o‘zlari yashab turgan uylarning pastki qavatlarida tashkil etilgan ob’ektlarning faoliyatidan noroziligini bildirib, ularning shovqini, taomlarning hidi, ularga qatnaydigan aholining transport vositalari qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotganidan arz qilgan.

Ushbu murojaatlar asosida vaziyat shahar hokimligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan shaharsozlik normalarining qo‘pol buzilishiga, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tarzda binolarning konstruksiyalarida o‘zgartirishlar kiritilgani va shaharsozlik normalariga zid ravishda qurilishlar amalga oshirilgani aniqlangan.

Yuqorida keltirilgan manzildagi ob’ektlarda ushbu normalarning barchasi buzilgan, shu sababli mazkur ob’ektlar shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqlashtirilmoqda. Ya’ni, tadbirkorlarga nisbatan hech qanday noqonuniy xatti-harakatlar, qilingani yo‘q, balki, amaldagi qonunchiligi asosida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu vaziyatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish Toshkent shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilgan. Mazkur jarayonda Vazirlar Mahkamasining mutasaddilari ishtirok etmagan va ko‘rsatma bermagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!