Bolalar milliy tibbiyot markazida xalqaro tajribaga ega malakali jarroh tibbiy ko‘rik o‘tkazmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har 1000-1500 nafar boladan bittasi tug‘ma tanglay va lab kemtigi bilan tug‘iladi. Bu xastaliklar kelib chiqishining sabablari ko‘p, lekin asosiy omil – irsiy moyillikdir.
Yurtimizda ham tanglay va lab kemtigi bolalarda eng ko‘p uchraydigan tug‘ma anomaliyalardan hisoblanadi. Shuning uchun davlatimiz tomonidan ushbu xastaliklarga chalingan jajji bemorlarni davolash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Muhimi, deyarli barcha muolajalar bepul amalga oshirilyapti.
Mana bugun yana bir shunday xayrli tashabbusga start berildi.
Aniqrog‘i, "Operasiya Ulibka" xayriya aksiyasi doirasida mashhur plastik jarroh, doktor Hasan Baiyev tug‘ma tanglay va lab kemtigi bo‘lgan bolalarda bepul jarrohlik amaliyotlarini bajarish maqsadida tibbiy ko‘rik o‘tkazish uchun yurtimizga tashrif buyurdi.
Hasan Baiyev — 40 yillik tajribaga ega rossiyalik va amerikalik plastik jarroh. Turli yillarda AQSH, Yaponiya va Angliyada yil odami deb tan olingan mashhur shifokor 20 yildan buyon xayriya ishlari bilan shug‘ullanib keladi. Ushbu davr mobaynida u 2000 nafarga yaqin bolalarda bepul jarrohlik amaliyotlarini bajardi.
Poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida o‘tkazilayotgan mazkur aksiya avvalida Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, doktor Hasan Baiyev va markaz rahbariyati ishtirokida bemorlarning ota-onalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ta’kidlanganidek, hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, har bir bemorga tegishli tavsiyalar berilib, operasiyaga muhtoj bolalarda yuqori texnologiyaga asoslangan amaliyotlar bajariladi.
Shundan so‘ng, Hasan Baiyev bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga kirishdi. Aksiyaga respublikamizning barcha hududlaridan turli yoshdagi bemorlar tashrif buyurdi.
Masalan, Namangan viloyatidan kelgan Gulnoza Turg‘unpo‘latova – 13 yoshda. Shifokor bemorni ko‘zdan kechirib, unda suyak plastik operasiyasini o‘tkazish uchun ortodontik tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Yana bir bemor – 10 yoshli Oybek G‘anisherovda lab kemtigi tufayli fistula paydo bo‘lgan. Uni bartaraf etish uchun bolakayda jarrohlik amaliyoti bajariladigan bo‘ldi.
Operasiya o‘tkaziladigan bemorlarning ro‘yxatiga sirdaryolik Farizoda G‘aybullayeva ham kiritildi. Yaqindagina 1 yoshni qarshi olgan bu qizaloqqa lab kemtigi va chap tomonlama tanglay kengayishi tashxisi qo‘yilib, u ham jarrohlik amaliyotiga tavsiya etildi.
Umuman olganda, operasiyalar uchun bemorlar qat’iy mezonlar asosida saralab olinmoqda.
Birinchidan, amaliyot uchun, eng avvalo, ijtimoiy muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlari tavsiya etiladi.
Ikkinchidan, operasiyadan keyin asoratlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida qarshi ko‘rsatmalar bo‘lgan bemorlarda jarrohlik amaliyotlari bajarilmaydi. Chunki bunday ko‘rsatmalar bemorning reabilitasiya jarayoniga ta’sir qilishi mumkin.
Bu – bemorlarni tanlab olishning dastlabki bosqichi. Shifokorning keyingi tashrifida operasiya o‘tkaziladigan bemorlarning yakuniy ro‘yxati tuzilib, ularda tegishli amaliyotlar bajariladi.
✅ E’tiborlisi, kam invaziv usuldagi operasiyalarda mahalliy mutaxassislar ham ishtirok etib, bu ularning malakasini oshirish va yangi davo usullarini o‘zlashtirish imkonini beradi.