Berdimuhamedov Ashxobod yubileyi va Turkmaniston mustaqilligiga tayyorgarlik ko‘rish ishlaridan norozi bo‘ldi

Berdimuhamedov Ashxobod yubileyi va Turkmaniston mustaqilligiga tayyorgarlik ko‘rish ishlaridan norozi bo‘ldi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 22 fevral kuni ishchi yig‘ilish o‘tkazdi, unda Turkmaniston mustaqilligining 30 yilligi va Ashxobodning 140 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Bu haqda «Xronika Turkmenistana» xabar qildi.

Ashxobod hokimi Yaztagan Gilijov va poytaxt uchun mas’ul bo‘lgan bosh vazir o‘rinbosari Shamuhammet Durdilev davlat rahbariga hisobot berdi.

Shahar hokimi poytaxtdagi ishlar holati, qurilayotgan inshootlarda ish sur’atlarini tezlashtirish, shahar aholisining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash, Ashxobodni obodonlashtirish va undagi tozalikni saqlash to‘g‘risida hisobot berdi. Gilijov, shuningdek, mustaqillikning 30 yilligi va Ashxobodning 140 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorlangan madaniy dastur to‘g‘risida xabar berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, mamlakatda olib borilayotgan qurilish ishlari, turli ob’ektlar uchun loyihalarni ishlab chiqish va muhim sanalarga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Hisobotlarni tinglagan davlat rahbari poytaxtda olib borilayotgan ishlar holati va muhim tadbirlarga tayyorgarlik darajasidan noroziligini bildirdi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov mustaqillikning 30 yilligi va Ashxobodning 140 yilligini nishonlashning yuqori tashkiliy saviyasini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishni qat’iy talab qildi va yaqinlashib kelayotgan tantanalar hokimiyat davrining ta’sirchan yutuqlari hamda muvaffaqiyatlarini aks ettirishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, hokimlarga turar joy binolari, maktablar va bolalar bog‘chalarini isitish, shuningdek, poytaxt korxonalari hamda idoralarini elektr energiyasi bilan ta’minlashni nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Bundan tashqari, mansabdor shaxslarga belgilangan jadvalga muvofiq yangi binolar qurilishining yakunlanishini nazorat qilish buyurilgan.

Bundan avval Turkmaniston poytaxtida Toshkent nomli istirohat bog‘i qurilishi, Abdulaziz Komilov Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashgani hamda Turkmaniston prezidenti o‘z o‘g‘lini bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlagani haqida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!