Ayrim tadbirkorlarga to‘langan solig‘ining bir qismi qaytarib beriladi
Hukumat Qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga — budjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytariladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga oylik tovarlarni (xizmatlarni) realizasiya qilish bo‘yicha aylanmasining naqd pulsiz qismi:
— 60 foiz va undan yuqori bo‘lganda — budjetga to‘langan soliqning 40 foizi;
— 60 foizdan kam bo‘lganda — budjetga to‘langan soliqning 20 foizi qaytariladi.
Tadbirkorlik sub’ekti soliq hisobotini taqdim etgandan so‘ng, lekin 3 oydan kechiktirmasdan soliqning bir qismini qaytarish uchun murojaat qilishga haqli.
Soliqning bir qismi quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda avtomatik ravishda qaytariladi:
— hisobot davrida soliq bo‘yicha taqdim etilgan soliq hisobotiga muvofiq hisoblangan soliq budjetga to‘liq to‘langanda;
— hisobot davrida umumiy ovqatlanish, turoperatorlik yoki mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha umumiy tovar aylanmasi jami tovar aylanmasining 90 foizidan kam bo‘lmaganda;
— hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida realizasiya qilingan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasi hamda faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlariga yoki amalga oshiriladigan turlariga muvofiq bo‘lgan identifikasiya kodlari aks ettirilgan qismiga nisbatan.
Nizom 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.