Ayolning haqiqiy baxti

Ayolning haqiqiy baxti

Alloh taolo ayolga onalik rutbasini berdi. Uni erkak uchun taskin, oso­yishtalik va er-xotinni bir-biriga libos qildi: “U (Alloh) sizlarni bir jondan yaratib, undan uning jufti­ni unga (uylanib) taskin topishi uchun paydo qilgan Zotdir” (A’rof surasi, 189-oyat)“Ular sizlar uchun li­bos, sizlar ular uchun libosdirsiz” (Baqara surasi, 187-oyat).

Payg‘ambarimiz alayhissalom ayolga ehtirom ko‘rsatish, sha’nini himoya etish, huquqini tiklashda butun insoniyatga o‘r­nak bo‘ldilar. Qizlarini chiroyli tarbiyalagan ota-onaga jannat xushxabarini berdilar, turmushi buzilgan qizga ajratilgan mablag‘ni “Eng yaxshi nafaqa”, deb atadilar, farzandlarga, eng avvalo, onaga yaxshilik qilishni buyurdilar. U zotning oxirgi vasiyatlarida bunday
jumlalar yangraydi: “Ogoh bo‘ling, ayollarga yaxshi muomala qiling…” (Imom Termiziy rivoyati).

Islom ta’limoti asosida yashay bosh­lagan o‘lkalarda ayol mavqei oshdi, huquqi tiklandi. Shariatimizda ayolning uy-ro‘zg‘or, kiyim-kechak, yemoq-­ichmoq kabi ehtiyojlari erkak zimmasiga yuklan­gan. Hatto uning nafaqasini ta’minlamasdan eri haj safariga borishi mumkin emas. Bunday adolatdan ta’sirlangan olmoniya­lik taniqli olima Annimariye Shimmel xonim: “Islom jamiyatida eng katta hurmatga loyiq zot ayol, ona hisobla­nadi”, deb e’tirof etgan.

Dinimiz ayollarga nohaqlik, qo‘pollik qilishga ham ruxsat bermaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalom zavjalariga biror marta qo‘l ko‘tarmaganlar. Bu ishni qilgan kishilarga qattiq tanbeh berganlar. “Ayollarga (yaxshi) muomala qilinglar, chunki ayol qovurg‘adan yaratilgan. Qovurg‘aning eng qiyshiq joyi yuqorisidir. Uni to‘g‘­rilashga urinsang, sindirib qo‘yasan, agar tashlab qo‘ysang, qiyshiqligicha qola­ve­radi. Ayollarga yaxshi muomala qiling­lar”, deganlar (Muttafaqun alayh).

Payg‘ambarimiz alayhissalom davrlarida ayollar uchun maxsus kunlarda majlislar tashkil etilgan. Onalarimiz roziyallohu anhunna ham o‘z zamonasining olimalari bo‘lishgan. Mashhur tobein  Urva ibn Zubayr aytadi: “Hazrat Oysha Qur’on hukmlari, adabiyot, arablar tarixini boshqalardan ko‘ra ko‘proq bilardi”. Shuningdek, Zaynab binti Jahsh roziyallohu anho buyuk faqiha bo‘lgan.

Xalq orasida tarqalgan: “Ayol bilan maslahat qil-u, aytganining teskarisini
bajar”, degan gap Islom ta’limotiga zid. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi va
sallam bir nechta muhim o‘rinlarda zavjalari maslahatiga quloq osganlar. Masalan, hijratning 6-yili Hudaybiya vodiysidagi mashhur voqeada Nabiy alayhissalom ilo­hiy hikmat ila Ka’bani ziyorat qilmay qaytish­ga chog‘landi­lar. “Turing, qurbonliklaringizni so‘ying,  sochingizni oldiring va ehromdan chi­qing”, dedilar. Biroq Ka’ba va vatan so­g‘inchi bilan yongan sahobalar joyi­dan qimirlashmadi. Payg‘ambarimiz alay­his­salom so‘zlarini bir necha maro­taba tak­rorlasalar ham, holat o‘zgarmadi. Tushkun kayfiyatda chodirga kirdilar. Ummu Salama roziyallohu anho vaziyatni o‘nglash maqsadida: “Yo Allohning rasuli, odamlar sarosima va tushkunlikka tushib qolishgani uchun shunday qilishmoqda. Agar bu amallarni bajarishlarini istasangiz, hech narsa demasdan qurbonligingizni so‘ying va sochingizni oldiring. Sizni ko‘rib aniq ergashishadi”, dedi. Bu tadbir sabab barcha sahobalar aytilganni  qilishdi.

Bugungi kunda ayrim jamiyatlar ayol­ga erkinlik berish niqobi ostida uni puldorlar va buzuqlar ermagiga aylantirib qo‘ydi. Go‘zal hayot va’da qi­lib, fitriy mashg‘uloti – oila xizmati, farzand tarbiyasidan ajratib, mashaqqatli va xo‘rlovchi mehnatlarga jalb etdi.

Ayolning haqiqiy baxti oilasi bag‘­ri­da, farzandlari quchog‘ida, eri ardog‘ida; uning onaligida, nazokati, hayo va iffa­tidadir.

Manba: hidoyat.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!